Rossiyaliklar "eng dolzarb muammo"ni aytdi. Bu urush emas

Rossiyaliklar narxlarning o‘sishini eng jiddiy muammo deb hisoblamoqda. Bu "Levada-markaz" tomonidan yanvarda o‘tkazilgan va 7 fevralda e’lon qilingan so‘rovdan ma’lum bo‘ldi. Bunday fikrni so‘ralganlarning deyarli uchdan ikki qismi (67%) qo‘llab-quvvatlagan.
Rossiyaliklar uchun ahamiyati bo‘yicha ikkinchi o‘rinda Ukrainadagi urush, G‘arb bilan mojaro va sanksiyalar turadi. Yagona majmuaga birlashtirilgan ushbu mavzular so‘ralganlarning uchdan bir qismidan sal ko‘prog‘ini (35%) tashvishga solmoqda.
Ahamiyati bo‘yicha uchinchi o‘rinda uy-joy muammolari: uylarning avariya holati va uy-joyning qimmatligi, ipotekaning yuqori narxi turadi. So‘rovda ishtirok etganlarning 30 foizi ushbu masalalarni ko‘rsatgan.
O‘zlarini eng ko‘p tashvishga solayotgan muammo sifatida inflyasiyani ko‘rsatgan rossiyaliklar ulushi 2024 yil avgust oyidan beri 11 foiz punktga oshdi. Rosstat ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yildan 2024 yilgacha mamlakatda narxlar 31,7 foizga ko‘tarilgan. O‘tgan yili inflyasiya 9,5 foizni tashkil etdi, ayniqsa, oziq-ovqat mahsulotlari narxi 11 foizga tez o‘sdi.