Rossiyada biri 20 yil, ikkinchisi 10 yildan beri qidiruvda bo‘lgan transport vositalari Toshkent viloyatida saqlab kelingani aniqlandi

Rossiyada biri 20 yil, ikkinchisi 10 yildan beri qidiruvda bo‘lgan transport vositalari Toshkent viloyatida saqlab kelingani aniqlandi

Rossiyada biri 20 yil, ikkinchisi 10 yil mobaynida qidiruvda bo‘lgan transport vositalari Qibray va Toshkent tumanlarida saqlab kelinayotganligi ma’lum bo‘ldi, deya «Daryo»ga xabar bermoqda Toshkent viloyati YHXBB.

Ma’lum qilinishicha, Toshkent viloyati IIBB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasiga Qibray tumanida yashovchi fuqaro G‘.S. ariza bilan murojaat qilgan. U murojaatida o‘ziga tegishli «VAZ-2106» transport vositasini uzoq yillar uyida saqlab kelganligi, ilgari fuqaroligi bo‘lmaganligi sababli fuqaroligi yo‘q shaxslarga beriladigan davlat raqam belgisini olganligini ma’lum qilgan.

Hozirda esa O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgani uchun tegishli tartibda transport vositasining qayd etish guvohnomasini almashtirib, boshqa davlat raqam belgisi berishni so‘ragan.

Ushbu transport vositasiga tegishli ma’lumotlarni va transport vositasining agregat raqamlarini O‘zbekiston IIVning Yagona avtomatlashtirilgan hisob tizimidan tekshirilganda, avtomobil 2000 yilning 12 mart kunida Rossiyaning Orenburg shahridan olib qochilganligi hamda qidiruvda ekanligi aniqlangan.

Shuningdek, Toshkent tumanida yashovchi fuqaro I.A. sotib olgan «GAZ-330202» rusumli yuk transport vositasini rasmiylashtirish uchun DYHXXga olib kelgan. Ushbu avtomobilning ham agregat raqamlari tekshirilgan. Natijada transport vositasi 2011 yilda beri qidiruvda ekanligi, uni noma’lum shaxslar Rossiyadan olib qochganligi ma’lum bo‘lgan.

Hozirgida har ikkala holat bo‘yicha to‘plangan hujjatlar tegishli xulosa qilish uchun tergov organiga topshirilgan.

Bundan avval Navoiyda o‘g‘rilik uchun 5 yil qamalib chiqqan shaxs 2 oy o‘tmay IIB xodimi Lacetti’sini olib qochmoqchi bo‘lgani, Namanganda 41 yoshli erkak o‘zganing Nexia’sini minib qochgani haqida xabar berilgandi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!