Rossiya bolalarni o‘ldirayotgani haqida jim turmaslik kerak — Zelenskiy

"RF bolalarni ballistik qurollar bilan o‘ldirayotganini yashirish noto‘g‘ri va xavfli. Bu Moskvadagi razillarga urushni davom ettirish va diplomatiyani e’tiborsiz qoldirish kabi ishlarini rag‘batlantiradi", — deydi Zelenskiy 5 aprel kuni kechqurun Krivoy Rogga berilgan zarbani sharhlash chog‘ida.
Rossiyaning raketa va dronlar hujumi oqibatida 18 kishi, jumladan to‘qqiz nafar bola halok bo‘ldi. Dnepropetrovsk viloyati harbiy boshqarmasi rahbari Sergey Lisakning ma’lum qilishicha, jabrlanganlar soni 74 kishiga yetdi. Ularning 37 nafari, shu jumladan besh nafar bola shifoxonalarda davolanmoqda. Keyinroq yana bir kishi ayni hududga uyushtirilgan dron hujumidan halok bo‘ldi.
O‘sha kuni prezident Zelenskiy shifoxonada 3 yoshli bola vafot etgani haqidagi xabarni ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirgan edi. U halok bo‘lgan bolalarning ismlarini sanab o‘tdi va turli davlatlar, jumladan, Germaniya vakillariga "prinsipial pozisiyasi uchun" minnatdorchilik bildirdi, ammo AQSh elchixonasining munosabati "hayratda qoldirayotganini" ta’kidladi. "Shunchalik kuchli mamlakat va xalq ushbu holatlarga shu darajada sovuq munosabatda bo‘layotganini ko‘rib hayron qolyapmiz. Bolalarni o‘ldirgan raketa haqida gapirganda hatto "Rossiya" so‘zini ishlatishdan qo‘rqishyapti", — deb yozadi Ukraina prezidenti.
Qo‘shma Shtatlarning Ukrainadagi elchisi Bridjit Brink X ijtimoiy tarmog‘ida Krivoy Rogdagi bolalar maydonchasi va restoran yaqiniga raketa qulagani "dahshatli" ekanini yozdi, biroq raketa kimga tegishli ekanligi haqida lom-mim demadi. "Shu sabab ham bu urushga tezroq yakun yasash lozim", deya qo‘shimcha qildi u.
Hromadske nashrining aniqlashtirishicha, avvalgi shunga o‘xshash xabarlarda Brink rossiyaliklarning aloqadorligiga ishora qilgan edi. Nashr bunga diplomatning boshqa postlarini misol qilib keltirgan.