«Robbingizning yo‘liga hikmat va yaxshi mav’iza ila da’vat qiling»

«Robbingizning yo‘liga hikmat va yaxshi mav’iza ila da’vat qiling»

Muammolar bor, bo‘lganda ham katta muammolar. Ularni ikki tomon bir-birini tinglash, tushunish va maslahat bilan hal qilsa bo‘ladi. Yuqori tinglamasa, quyi to‘g‘ri uslubda yetkazmasa, ziddiyat kuchayadi va bor muammo kattalashaveradi, shishaveradi va Xudo ko‘rsatmasin, bir kun yorilib, hamma tomon sachraydi.

Endi ochiqroq gapiraman. Hukumat barcha sohalarda bo‘lgani kabi diniy-ijtimoiy sohada ham islohotlar boshladi. Ijtimoiy keskinlikni yumshatish uchun 16000 musulmon qora ro‘yxatdan chiqarildi, Hajga borish kvotasi oshirildi, qariyb 20 yil davomida birorta yangi masjid ochilmagani holda, keyingi 1,5 yilda 23 ta masjid ochildi, milliy televideniyada diniy ko‘rsatuv va filmlar ko‘rsatila boshlandi va eng asosiysi Qur’oni karim musobaqasi katta tantanalar bilan o‘tkazildi.

Men bu o‘zgarishlarni gapirish an’anaga kirib qolgani, yo maddohlik qilish maqsadida eslamadim. Haqiqatda bu ishlarning bo‘lgani aniq, hamma o‘z ko‘zi bilan ko‘rdi. Bir yarim yil uchun bular tahsinga loyiq o‘zgarish.

Endi boshqa tomonga o‘taman. O‘tgan Ramazon oyigacha hammasi ko‘ngildagidek kelayotgandi. Keyin sekin-asta vaziyat o‘zgara boshladi. Maktab formasi, soqol kabi muammolar yuzaga kela boshladi. Bularning sababi o‘laroq o‘zimning bir necha taxminlarim bor, ammo bularni aytish muhim emas.

Hozir o‘zim muhim hisoblaganim mavzuga o‘tsam. Shayx Muhammad Said Ramazon Butiyga: Nega minbarda hokimlarni tergamaysiz, xalqqa nasihat qilaverasiz, deyilganda shunday javob qilgandilar: "Hozir huzurimdasizlar. Gapirsam nasihat bo‘ladi. Yo‘qligingizda esa g‘iybat bo‘ladi. Hokim huzurida unga gapirsam nasihat bo‘ladi, sizning oldingizda gapirsam g‘iybat bo‘ladi".

O‘zimni u zotga shogirdlikka arzimas bilsamda shu yo‘lni tutgim keldi. Ya’ni, mas’ullar huzurida imkon qadar gapirgan bo‘lsam, endi nasihatni sizlarga qilaman. Chunki meni sizlar o‘qiyapsizlar.

Yuqorida aytdim, muammolarimiz juda ko‘p. Din yo‘lida ushbu muammolarni yechish, unga harakat qilish har birimizning burchimiz. Ularga beparvo bo‘lish, menga nima qabilida ish tutish kishini "soqov shayton" darajasiga tushiradi. Ammo bundagi faoliyat qanday bo‘lishi kerak?

Alloh taolo aytadi: "Robbingizning yo‘liga hikmat va yaxshi mav’iza ila da’vat qiling. Va ular ila go‘zal uslubda munozara qiling. Albatta, Robbingiz O‘z yo‘lidan adashganlarni ham o‘ta bilguvchi va hidoyat topguvchilarni ham o‘ta bilguvchidir" ("Nahl" surasi, 125-oyat).

Boshqa o‘rinda: "Allohning rahmati ila ularga muloyim bo‘lding. Agar qo‘pol, qalbi qattiq bo‘lganingda, atrofingdan tarqab ketar edilar. Bas, ularni afv et. Ularga istig‘for ayt va ular bilan ishlarda mashvarat qil. Azmu qaror qilganingdan so‘ng Allohga tavakkal qil. Albatta, Alloh tavakkal qiluvchilarni sevadir". (Alloh taolo ushbu amr ila Payg‘ambar alayhissalomni qalbi kenglikda, muloyimlikda–kishilarni atroflarida jamlovchi oliy sifatlarda bardavom bo‘lishga chaqirib, ayblar o‘tgan bo‘lsa xam, musulmonlarni afv etishga buyurmoqda. "Oli Imron" surasi, 159-oyat) ("Tafsiri hilol"dan).

Mana shu oyatlardan ma’lum bo‘lishicha, musulmon kishi ayniqsa, din qayg‘usida harakat yoki murojaat qilayotgan kishi hikmat bilan ish tutmog‘i, muloyim va yumshoqlik bilan muomalada bo‘lmog‘i kerak. Gaplarida qo‘pollik, qattiqlikdan saqlanishi, muomalasida odobli va kechirimli bo‘lishi darkor.

Demak biz muammolarimiz yechimi so‘raganimizda, taklif qilganimizda quyidagilarga e’tibor beraylik:

1. His-hayajonga berilib, o‘ylamasdan fikr bildirishlardan tiyilaylik.

2. Yozmoqchi, aytmoqchi bo‘lgan mulohazalarimizni vaziyatga qarab, holatni baholab keyin o‘rtaga tashlaylik. Oyati karimadagi "hikmat"dan shu murod qilingan.

3. Ishlarning yengil va zarari kamrog‘ini tanlaylik. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam ikki ish o‘rtasida tanlovga duch kelsalar yengilini tanlardilar, agar u gunoh bo‘lmasa.

4. Yozganda haqorat va qo‘pollik qilish, so‘kinish kabi oyati karima mazammat qilgan holatlardan uzoqda bo‘lish. Ayniqsa takfir qilishdan ehtiyot bo‘lish kerak. Bu islom ta’qiqlagan ish bo‘lishidan tashqari, jamiyatda zo‘ravonliklar va behuda qon to‘kilishiga sabab bo‘ladi.

5. Turli undovlarga uchmaylik. Musulmon zakovat va farosatini ishga solaylik. Ishlarimizda ixlosni shior qilaylik. Aqlli, qo‘rqmas deyishlari uchungina harakat qilmaylik.

6. Qaysi joyga qanday murojaat qilishni bilaylik. O‘zaro ermak, masxara va tahqirlash bilan ish bitmaydi. Huquq buzilganda sudga, mas’ullarga qonunga muvofiq ravishda murojaat qilaylik.

7. Siyosiy tizim va rahbariyatga osilmaylik. Nasihat yo‘lini tutaylik. Chunki islom siyosiy barqarorlik va davomiylikni yoqlaydi. Albatta shartlari doirasida.

Bunday tavsiya va nasihatlarni berish zarurati yuzaga kelgani uchun yozyapman. Bir musulmon sifatida milliy totuvlik va siyosiy barqarorlik tarafdoriman. Bundan boshqacha yo‘l tutishni xato hisoblayman.

Manba: azon.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!