Qatar tomoni O‘zbekistonning sa’y-harakatini yuqori baholadi
Toshkentda O‘zbekiston va Qatarning 40 dan ziyod yirik kompaniyasi vakillari ishtirokida davra suhbati o‘tkazildi. Mamlakatimiz investisiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov va ushbu arab davlati Savdo-sanoat palatasi raisining birinchi o‘rinbosari Shayx Muhammad Bin Ahmad Al-Kuvariy rahbarligida kechgan muloqotda ikki mamlakat vazirlik, idoralari, tarmoq birlashmalari rahbarlari ham hozir bo‘ldi.
O‘zbekiston tomoni savdo-iqtisodiy va investisiyaviy hamkorlik rivojlanishi ijobiy sur’at namoyon etgani, Qatarning yirik kompaniyalari yurtimizda energetika, yo‘l infratuzilmasi, logistika va turizm sohalarida investisiya loyihalarini muvaffaqiyatli amalga oshirayotganiga urg‘u berdi.
Shu bilan birga iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida qo‘shma loyihalar sonini ko‘paytirish uchun hali foydalanilmagan ulkan salohiyat mavjudligi ta’kidlandi. Gap qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat, to‘qimachilik, tog‘-metallurgiya, energetika va neft-kimyo, sog‘liqni saqlash va farmasevtika, transport va logistika sohalari, shuningdek keng ko‘lamli xususiylashtirish dasturi haqida bormoqda. Ayni jarayonda yangi tashabbuslar ilgari surish zarurligi o‘zaro ma’qullandi.
Qatar tomoni O‘zbekistonning investorlar uchun qulay mehnat sharoiti yaratish borasidagi sa’y-harakatini yuqori baholab, muhokama qilingan barcha loyihalar bo‘yicha faol ishlashga tayyorligini bildirdi.
Davra suhbati yakuni bo‘yicha respublikamizda “Qatar Dynasty Jet” kompaniyasi vakolatxonasini ochish bo‘yicha hujjat, Qatarning “Al Mai Trading”, “High Com Global Trading” hamda O‘zbekistonning “Millmax Trading” va “Turan as” kompaniyalari o‘rtasida qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari eksportini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha shartnomalar imzolandi.