Qashqadaryoda ayolni qamchilab, uning sochini olib tashlagan ota va uch o‘g‘il javobgarlikka tortildi

Qashqadaryoda ayolni qamchilab, uning sochini olib tashlagan ota va uch o‘g‘il javobgarlikka tortildi

Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumanida 38 yoshli ayolning bir nechta erkak tomonidan kaltaklanib, sochi kesib tashlangani haqida xabar berilgandi. “Zamon” informasion dasturida ma’lum qilinishicha, jinoyat ishlari bo‘yicha Dehqonobod tuman sudida ushbu erkaklarga nisbatan jinoyat ishi ko‘rib chiqilgan. Bu haqda Daryo yozmoqda.

Voqea 2022 yil 9 iyul kuni, kechasi soat 23:00 atrofida sodir bo‘lgan. Ayol 10 yosh kichik yigit bilan ishqiy munosabatda bo‘lib yurgan. Bu esa o‘g‘lini uylantirmoqchi bo‘lgan xonadon egasi va yigitning qarindoshlariga ma’qul kelmagan. Shu bois ayol o‘sha yigit xonadoniga olib borilib, yigitning aka-ukalari tomonidan kaltaklangan.

Sud hujjatlariga ko‘ra, boshqa bir qizga unashtirilgan yigit o‘zidan katta ayolga ilakishib, uning uyida yashayotganidan xabar topgan akalar shu kuni ayol va ukasini uylariga olib kelgan.

Shundan so‘ng ikkisini arqon bilan bog‘lab, o‘g‘ilning ko‘z o‘ngida ayol qamchi bilan kaltaklangan, o‘g‘illarining harakatini nazorat qilib turgan ota ayolning sochini olishni buyurgan. Uydagi ayollardan birining rahmi kelib, jabrlanuvchining arqonini yechib yuborgan va u derazadan ko‘chaga qochib chiqqan.

Sud davomida jabrlanuvchi ayblanuvchilarni kechirganini bildirgan. Sud hukmiga ko‘ra, ota va kenja o‘g‘ilga uch yil muddatga ozodlikdan cheklash jazosi, qolgan ikki o‘g‘ilga esa uch va ikki yilga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!