Qabrning ustiga yozish mumkinmi?

عَنْ جَابِرٍ قَالَ: نَهَى رَسُولُ اللهِ r أَنْ يُجَصَّصَ الْقَبْرُ وَأَنْ يُقْعَدَ عَلَيْهِ وَأَنْ يُبْنَى عَلَيْهِ. رَوَاهُ الْخَمْسَةُ إِلاَّ الْبُخَارِيَّ. وَلَفْظُ التِّرْمِذِيِّ: نَهَى النَّبِيُّ أَنْ تُجَصَّصَ الْقُبُورُ وَأَنْ يُكْتَبَ عَلَيْهَا وَأَنْ يُبْنَى عَلَيْهَا وَأَنْ تُوطَأَ.
Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qabrni bo‘r bilan suvashni, uning ustiga o‘tirishni va uning ustiga bino qurishni nahyi qilganlar». Beshovlaridan faqat Buxoriy rivoyat qilmagan.
Termiziyning lafzida: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam qabrlarning bo‘r bilan suvalishidan, ularning ustiga yozilishidan va ularning ustiga bino qurilishidan va bosilishidan qaytarganlar», deyilgan.
Sharh: Imom Shofe’iy qabrni loy bilan suvab qo‘yishga ruxsat berganlar, xolos. Boshqa har qanday narsani qabr ustiga qilish mumkin emas. Albatta, oldin o‘tgan belgi uchun tosh qo‘yish bundan mustasno.
Qabrlar inson xotirasidagi hassos narsalardan bo‘lgani uchun va o‘tgan ummatlarning zalolatga ketishi sabablaridan biri aynan qabrlar bo‘lgani sababli Islomda bu masalaga alohida e’tibor bilan qaralgan. Biz o‘rganayotgan hadisi shariflarda mazkur e’tibor qisman o‘z aksini topgan.
Ushbu hadisda qabrlarga nisbatan nahiy qilingan ishlar sanab o‘tilmoqda:
«Qabrni bo‘r bilan suvash»
Bo‘rsuvoq loysuvoqdan biroz ziynatli chiqishi, oq bo‘lishi ma’lum. Shuning e’tiboridan qabrga nisbatan bu ish man qilingan. Chunki bu ishda tiriklar uchun kerak molni zoye qilish bor. Islomda esa, har qanday molni zoye qilish haromdir. Bir oz aql yuritilsa, bo‘rsuvoq man bo‘lgandan keyin undan ko‘ra ko‘p mablag‘ ketadigan narsalarni qabr ustiga qilish umuman mumkin bo‘lmaydi. Binobarin, turli boshqacha suvoqlar qilish, toshlar yotqizish, zanjir, panjara tortish va hokozolar mutlaqo mumkin bo‘lmaydi.
Ikkinchidan, qabrning ustiga oltin suvi yuritilganda ham qabrning ichidagi o‘likka yoki u ishni qilgan tirikka, yoki boshqa biror jonzotga hech bir foyda bo‘lmaydi. Befoyda ishni qilish esa, musulmon inson uchun harom.
Uchinchidan, qabr oddiy, tabiiy holida tursa yoqqan qor-yomg‘irdan, o‘sgan o‘t-o‘lanlardan qabr ichidagi mayyitga foyda tegadi. Qabr ustini turli narsalar bilan yopganlar esa, mayyitni bu xayrdan mahrum qiladilar.
«Qabr ustiga o‘tirish»
Shuningdek, tik turish yoki yotish ham mumkin emas. Chunki bu tasarrufda qabr ichidagi musulmon bandaga va uning yaqin kishilariga nisbatan hurmatsizlik bor.
«Qabr ustiga bino qurish»
Bunda ham bo‘r bilan suvashdagi hikmatlar kattaroq hajmda aytiladi.
Imom Molikning shogirdlari Ibn Abdulhakam qabri ustiga bino qurishni vasiyat qilgan odamning vasiyatiga amal qilinmaydi, shunga binoan, qabrlar ustiga qurilgan narsalar buzib tashlanishi kerak, degan.
«Qabrning ustiga yozish»
Jumhur ulamolar qabr ustiga uning egasining ismi ham, boshqa biror narsani ham yozish mumkin emas, deganlar.
Hanafiy mazhabi ulamolari qabrning yo‘qolib ketishi yoki xorlanishi tufayli belgi uchun hojat tushsa, belgi bo‘ladigan narsani yozsa bo‘ladi, deganlar.
Ushbu narsani yaxshilab o‘rganib, shariat bo‘yicha ish ko‘rishga hozirgi kunda juda katta ehtiyoj bor. Ba’zi joylarda ushbu ta’limotlarga amal qilinmay qo‘ygan.
عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ t عَنِ النَّبِيِّ r قَالَ: لأَنْ يَجْلِسَ أَحَدُكُمْ عَلَى جَمْرَةٍ فَتُحْرِقَ ثِيَابَهُ فَتَخْلُصَ إِلَى جِلْدِهِ خَيْرٌ لَهُ مِنْ أَنْ يَجْلِسَ عَلَى قَبْرٍ. رَوَاهُ مُسْلِمٌ وَأَبُو دَاوُدَ وَالنَّسَائِيُّ.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Albatta, biringizning cho‘g‘ ustiga o‘tirishi, u kiyimini kuydirib, badaniga o‘tishi, uning uchun qabr ustiga o‘tirganidan ko‘ra yaxshiroqdir», dedilar». Muslim, Abu Dovud, Nasaiy rivoyat qilishgan.
Sharh: Ushbu rivoyatdan qabr ustiga e’tiborsizlik bilan o‘tirish qanchalar yomon ish ekanini bilib olamiz.
«Hadis va hayot» kitobidan
Manba: azon.uz