Putinning Ukraina uchun «tinchlik» rejasi mamlakatni uch qismga bo‘lish va ishg‘olni davom ettirishni o‘z ichiga oladi
Ushbu ssenariy Rossiya Mudofaa vazirligining maxfiy hujjatida tasvirlangan. Bu haqda bir qancha ukrainalik ommaviy axborot vositalari Ukraina razvedkasiga tayanib xabar berdi.
Ukrainaning «Interfaks» axborot agentligi xabariga ko‘ra, Putin Ukrainani bo‘lish g‘oyasini AQShning bo‘lajak prezidenti Donald Trampga taqdim qilmoqchi. Kreml go‘yoki o‘t ochishni to‘xtatishni muhokama qilishga tayyor, deya xabar bermoqda Reuters Rossiya hukumatining amaldagi va sobiq vakillariga tayanib. Putinning sharti shundaki, Rossiya Ukrainaning muhim hududlarini saqlab qolishi, Ukrainaning o‘zi esa NATOga kirish rejalaridan voz kechishi kerak.
Maxfiy hujjatdan ma’lum bo‘lishicha, Kreml Ukrainani uch qismga bo‘lish niyatida. Mamlakatning butun sharqi (Donesk, Lugansk, Zaporoje va Xerson viloyatlari), shuningdek, Qrim Rossiyaga o‘tishi kerak. Mamlakatning ikkinchi katta qismini (shu jumladan Kiyev, Sumi va Odessa viloyatlari) «Rossiyaparast davlat tuzilmasi»ga aylantirish rejalashtirilgan. Bu zonadagi kuch tuzilmalari rossiyaparast kadrlar bilan ta’minlanadi va nazorat qilish uchun uning hududiga rus qo‘shinlari joylashtiriladi. Demak, Ukraina Moskvadan boshqariladigan qo‘g‘irchoq davlatga aylanadi.
G‘arbiy Ukrainadagi qolgan qismi hujjatda «bahsli hududlar» deb ataladi. Ular bilan nima qilish masalasi Rossiya va qo‘shni davlatlar – Vengriya, Polsha va Ruminiya o‘rtasidagi muzokaralar davomida hal qilinishi kutilmoqda.
Maxfiy hujjatda yaqin yillardagi jahon voqealari rivojlanishining to‘rtta stsenariysi ham ko‘rib chiqiladi. Birinchi ikkita ta’rif «Ko‘p qutbli dunyoning shakllanishi va ta’sir doiralarining etakchi ishtirokchilar tomonidan bo‘linishi» (yirik kuchlar ta’sir doiralarini o‘zaro taqsimlaydi) va «Mintaqaviylashtirish/xaotizasiya» (xalqaro tartib zaiflashgan) deb nomlanadi. Ikkala stsenariyda ham Rossiya Ukrainani mag‘lub etadi va dunyodagi vaziyat Moskva uchun «maqbul».
Agar urush muzlatilsa yoki Rossiya uni yo‘qotsa, yana ikkita stsenariy bo‘lishi mumkin: «AQSh va G‘arbning hukmronligi» va «Xitoy dunyoning etakchi davlati maqomini olishi». Ikkala variant ham noqulay deb hisoblanadi.