Oq uy: Bayden BMT Xavfsizlik kengashini isloh qilish istagini tasdiqlaydi

AQSh Prezidenti Jozef Bayden BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasidagi nutqida Vashingtonning Xavfsizlik kengashini kengaytirish istagini tasdiqlaydi.
Bu haqda Oq uy Milliy xavfsizlik kengashining strategik kommunikasiyalar bo‘yicha koordinatori Jon Kirbi ma’lum qildi.
"Biz Xavfsizlik Kengashi arxitekturasini ko‘rib chiqish vaqti kelganini aniq aytdik. Biz u ko‘proq qamrab olishi kerak deb hisoblaymiz", - dedi Kirbi.
Uning qayd etishicha, Bayden shu haftada BMT Xavfsizlik Kengashining kengaytirilishini qo‘llab-quvvatlaydi.
Hozirda BMT Xavfsizlik Kengashining beshta doimiy a’zosi: Rossiya, Buyuk Britaniya, Xitoy, AQSh va Fransiya. Ushbu mamlakatlarning har biri kengashda veto huquqiga ega. Geografik asosda tanlangan 10 ta a’zo davlat doimiy bo‘lmagan a’zolar maqomiga ega.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on BMT Xavfsizlik kengashi saflarini kengaytirish taklifini bildirgan edi. U "dunyo beshdan katta" degan. Shu bilan birga, boshqa davlatlar rahbarlari ham bu taklifni qo‘llab-quvvatladi.