Oliy ta’limga qabul – kimlar qanday imtiyozga ega?

Qonunchilik tahlil qilinganida OTMga kirish uchun 20 dan ortiq toifadagi abituriyentlar uchun turli ko‘rinishdagi imtiyozlar mavjudligi aniqlandi. Ularning orasida qo‘shiqchidan harbiygacha toifalar mavjud.
1. Harbiy xizmatchilarning farzandlari
Bunda tavsiyanoma ikki ko‘rinishda beriladi:
1) harbiy va ilmiy faoliyatida ma’lum natijalarga erishgan ofiserlar, serjantlar va kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilar va Milliy gvardiya xodimlari farzandlariga – bunda tavsiyanoma alohida 5 foizli kvota asosida tanlovda qatnashish uchun beriladi.
2) harbiy majburiyatni bajarishda halok bo‘lgan yoki yarador bo‘lishi, kontuziya, shikastlanish yoki kasalliklar oqibatida nogiron bo‘lgan harbiy xizmatchilarning va Milliy gvardiya xodimlarining farzandlariga – tavsiyanoma testda qatnashmasdan grant asosida o‘qishga qabul qilish uchun beriladi.
Har ikki holatda ham tavsiyanoma bitta OTMga bir marta kirish uchun 3 yilga beriladi.
2. Xalqaro va respublika olimpiadalari, tanlovlar va musobaqalar g‘oliblari bo‘lgan akademik liseylar, kasb-hunar kollejlari va umumta’lim maktablarining bitiruvchilari
- sportning olimpiya va paralimpiya turlari bo‘yicha Olimpiya va Paralimpiya, Osiyo va Paraosiyo o‘yinlarida oxirgi 4 yilda, jahon va Osiyo chempionatlarida oxirgi 1 yilda g‘olib va sovrindor (1 – 3 o‘rin) bo‘lgan maktab, kollej, texnikum, akademik lisey bitiruvchilari jismoniy tarbiya va sport yo‘nalishlariga imtihonsiz grant asosida qabul qilinadi;
- musiqa, raqs, teatr, folklor, tasviriy va amaliy san’at hamda dizayn yo‘nalishlaridagi respublika (1-o‘rin) va xalqaro tanlovlarda (1 – 3-o‘rinlar) g‘olib bo‘lgan bitiruvchilarga ijodiy imtihonda eng yuqori ball belgilangan fandan ozod qilinadi;
- respublika (1-o‘rin) va xalqaro (1–5-o‘rinlar) shaxmat va shashka turnirlari g‘olibi bo‘lgan bitiruvchilar pedagogik kadr tayyorlaydigan OTMlarga imtihonsiz grant asosida qabul qilinadi.
Xalqaro chempionatlar g‘oliblariga berilgan imtiyoz 3 yil, respublika darajasidagi g‘oliblarga berilgan imtiyoz 1 yil amal qiladi.
Fan (tarix, matematika, kimyo va h.z.) olimpiadalarining respublika bosqichida 1, 2, 3-o‘rinlarni egallagan o‘quvchilarga ixtisoslik fani bo‘yicha imtihonda maksimal ball beriladi (3 yil amal qiladi).
3. Zulfiya nomidagi Davlat mukofotilaureati hamda “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti g‘olibi bo‘lgan bitiruvchilar kirish imtihonlarisiz grant asosida o‘qishga qabul qilinadi.
5. Quyidagi tanlov g‘oliblari mos ta’lim yo‘nalishlariga imtihonsiz grant asosida o‘qishga qabul qilinadi:
- “Tarbiyachi” respublika tanlovi g‘olibi;
- “Hamshira” respublika tanlovi g‘olibi;
- “Nihol” mukofoti sovrindori.
6. O‘zbekiston yoshlar ittifoqi respublika komissiyasi tomonidan berilgan tavsiyanoma egalari.
Tavsiyanomalar O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tizimidagi sardorlarga, boshlang‘ich tashkilotlardagi yo‘nalish yetakchilariga, ikki yillik mehnat stajiga ega bo‘lgan fidoyi yoshlarga beriladi.
Tavsiyanomaga ega yoshlar doimiy yashash joyidagi OTMning pedagogika ta’lim yo‘nalishlariga imtihonsiz grantlar asosida qabul qilinadi.
7. To‘liq davlat ta’minotidagi yetim bolalar
“Mehribonlik” uyi va Bolalar shaharchasining bitiruvchilari, SOS – bolalar mahallalari va oilaviy bolalar uylari bitiruvchilari, shuningdek, vasiylikka, homiylikka yoki oilaga tarbiyaga olingan (patronat) yetim bolalar (yigirma besh yoshga to‘lmagan) chin yetimlar uchun qo‘shimcha bir foizgacha davlat asosidagi qabul kvotalari ajratiladi.
8. Tavsiyanomaga ega harbiy xizmatchilar
Tavsiyanoma olgan harbiylar o‘qishga kirishda test natijalariga ko‘ra o‘zlari to‘plagan ballarining 50 foizi miqdorida qo‘shimcha ball shaklidagi imtiyozga ega bo‘ladi.
Shuningdek, harbiylar uchun alohida ajratilgan kvota doirasida qabulda ishtirok etadi.
9. Chet tili milliy yoki xalqaro sertifikatga ega bo‘lgan abituriyentlar
Testda chet tili fanlar majmuasida bo‘lganda minimal B2 darajasi bo‘lsa, ushbu fandan abituriyentga maksimal ball beriladi.
10. Harbiy qism qo‘mondonligi va Yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti tavsiyanomasiga ega bo‘lganlar fuqarolar
Harbiy xizmatchilar orasidan yuqori natijalarga erishgan, har bir harbiy qismdan bittadan yosh harbiy xizmatchi harbiy qism qo‘mondonligi va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti tavsiyanomasiga muvofiq OTMga grant asosida imtihonlarsiz qabul qilinadi.
11. 5 yillik mehnat stajiga ega xotin-qizlar
Davlat organlari va tashkilotlarda mutaxassisligi bo‘yicha kamida 5 yil staji bor, oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan xotin-qizlaga 3 yil amal qiladigan tavsiyanoma beriladi.
Tavsiyanomaga ega xotin-qizlar -kontrakt asosida o‘qishga qabul qilish bo‘yicha alohida qabul parametrlari doirasida testda qatnashadi.
12. Ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar
Ehtiyojmand oiladagi xotin-qizlarga OTMga kirish uchun alohida 4 foizli grant asosidagi kvota ajratiladi.
Tavsiyanoma 1 yil amal qiladi.
13. “Temurbeklar maktabi” bitiruvchilari
“Temurbeklar maktabi” bitiruvchilariga oliy harbiy va harbiylashtirilgan ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishda yakka tartibdagi yakuniy suhbat yoki test sinovlarida o‘zlari to‘plagan ballarning 30 foizi miqdorida, respublikaning boshqa oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishda esa to‘plagan ballarning 15 foizi miqdoridagi qo‘shimcha ballar beriladi.
“Temurbeklar maktabi”ni imtiyozli diplom bilan tugatgan bitiruvchilar oliy harbiy yoki ixtisoslashtirilgan bilim yurtlariga test sinovlarsiz, harbiy-kasbiy saralash tadbirlari asosida o‘qishga qabul qilinadi.
14. Harbiy-musiqa liseyi bitiruvchilari
Harbiy-musiqa akademik liseyi bitiruvchilari oliy harbiy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishda testda o‘zlari to‘plagan ballarning 30 foizi miqdorida, respublikaning boshqa davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishda esa o‘zlari to‘plagan ballarning 15 foizi miqdorida qo‘shimcha ballar beriladi.
15. Ishoqxon Ibrat nomidagi maktab-internat bitiruvchilari
Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanidagi Ishoqxon Ibrat nomidagi xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan maktab-internatning butun o‘qish davrini a’lo baholarga o‘qigan bitiruvchilari Oliy ta’lim, fan va innovasiyalar vazirligi tavsiyasiga asosan xorijiy til va adabiyoti, filologiya va tillarni o‘qitish ta’lim yo‘nalishlariga imtihonsiz grant asosida o‘qishga qabul qilinadi.