Oliy sud raisi: "Adolat bu – davlatchilikning mustahkam poydevoridir"

Oliy sud raisi: "Adolat bu – davlatchilikning mustahkam poydevoridir"

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi K. Komilovning “O‘zbekiston: besh yillik jadal islohotlar” mavzusidagi xalqaro konferensiyadagi ma’ruzasidan:

Ma’lumki, sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlash huquqiy demokratik davlat va kuchli fuqarolik jamiyatini qurishdagi muhim shartlardan biridir. Chunki, adolat bu – davlatchilikning mustahkam poydevoridir. Jamiyatda adolat va qonun ustuvorligini ta’minlashda esa sud hokimiyati hal qiluvchi o‘rinni egallaydi. Faqatgina mustaqil sud hokimiyati fuqarolarning huquq va erkinliklarini qonuniy va adolatli himoya qilishi mumkin.

Shu munosabat bilan mamlakatimizda sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini, fuqarolar huquq va erkinliklarining ishonchli himoyasini ta’minlash, shuningdek, odil sudlovga erishish darajasini oshirish sud-huquq tizimini yanada isloh qilish davlat siyosatining asosiy ustuvor yo‘nalishlari etib belgilangan.

O‘tgan qisqa davrda sudlarning haqiqiy mustaqilligini ta’minlash, sud-huquq tizimini tubdan takomillashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Lekin biz sohadagi barcha muammolar o‘z yechimini topdi deb ayta olmaymiz. Sud tizimining oldida xalqning sudga to‘laqonli ishonchiga erishish, ularni suddan rozi qilish yo‘lida muhim vazifa va maqsadlar turibdi. Ayniqsa, sudlarning chinakam mustaqilligini ta’minlash, aholining odil sudlovga erishish imkoniyatlarini yanada kengaytirish, fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini sud orqali himoya qilish mexanizmlarini zamonga mos ravishda, xalqaro standartlarga muvofiq takomillashtirish borish birinchi navbatdagi vazifamizdir.

Shu bilan birga mamlakatimiz bosib o‘tgan taraqqiyot yo‘lining chuqur tahlili, bugungi keskin o‘zgarishlar, globallashuv sharoitida ijtimoiy munosabatlar tobora kengayib borayotgani davlatimizda qonun ustuvorligini va adolatni ta’minlash uchun mutlaqo yangicha yondashuv hamda tamoyillarni ishlab chiqish va ro‘yobga chiqarishni taqozo etmoqda. Bu sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlash, aholining odil sudlovga bo‘lgan ishonchini oshirishga qaratilgan mutlaqo yangi bosqichni boshlashini hayotiy zaruratga aylantirmoqda.

Shu nuqtai nazardan, odil sudlov sohasidagi islohotlarni izchil davom ettirish, sohani yanada takomillashtirish, ayniqsa, sudya lavozimiga kadrlarni tarbiyalash, tanlash va joy-joyiga qo‘yish, sudyalar chinakam mustaqilligini ta’minlash muhim strategik ahamiyatga ega vazifalar hisoblanadi.

Barcha islohotlarimiz zamirida inson huquq va erkinliklari, yuridik shaxslar hamda yakka tartibdagi tadbirkorlarning huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarining ishonchli himoyasini ta’minlash mujassamdir.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!