Nima uchun Islom bilim yurtlarida grant asosida o‘qishning imkoni yo‘q?

Hozirgi vaqtda O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufida 9 ta o‘rta maxsus Islom bilim yurti va 2 ta oliy diniy ta’lim muassasasi mavjud. Keling, bugun ushbu dargohlardagi to‘lov-kontrakt narxi bilan qiziqsak. 2017-2018 o‘quv yilida o‘rta maxsus Islom bilim yurtlarida to‘lov-kontrakt narxi 5 600 000 so‘mni tashkil qilgan. Noto‘g‘ri eshitmadingiz, ushbu dargohlarda (o‘rta maxsus bo‘lsa ham) to‘rt yil davomida to‘lov-kontrakt asosida o‘qiladi. Ha, aytgancha, stipendiya ham mavjud bo‘lib, joriy o‘quv yilida uning summasi 20 000 so‘mni (!) tashkil qilgan.
Imom Buxoriy nomidagi Toshkent Islom instituti va Mir Arab oliy madrasasida esa to‘lov-kontrakt narxi 7 475 000 so‘m bo‘lib, stipendiya 100 000 so‘mni tashkil qilgan.
O‘rta va oliy Islom bilim yurtlarining hech birida grant asosida o‘qishning imkoni mavjud emas, barcha to‘lov-kontrakt asosida ta’lim oladi. Hozirgi vaqtda diniy ta’lim olishni istagan yigit-qizlar 8 yil davomida faqatgina to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga majbur.
Endi savol tug‘iladi: nima uchun o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalarida ham kontrakt asosida ta’lim olinadi? Nima uchun stipendiya juda oz? Keling, ushbu savollarga ham o‘zim javob bersam: har bir ta’lim muassasasi biz aytayotgan kontraktlarga bog‘lanib qolgan. Ta’lim muassasasida o‘qituvchilarga beriladigan maoshidan tortib, farroshning maoshigacha o‘sha kontrakt summalaridan qoplanadi. Buning ustiga, talabalar sonining ozligi ham kontrakt summasiga ta’sir etmay qolmaydi.
Ushbu masalani hal etishning yo‘llar mavjud bo‘lib, ulardan biri qabul kvotasini oshirishdir. Bundan tashqari, har bir kishi qilishi mumkin bo‘lgan ishlardan biri – bu diniy ta’lim muassasasiga kelish va talabalarning kontraktiga baholi qudrat o‘z yordamini berish.
Siz nima deysiz, diniy ta’lim oluvchi yoshlarning to‘lov-kontrakt narxini kamaytirish yoki yo‘qotish uchun nima qilsa bo‘ladi?
Muhammadsodiq BAXTIYORZODA
Manba: azon.uz