Antaliyada antik trekking yo‘llari borligini bilarmidingiz?

Turkiya Riviyerasining yorqin yulduzi Antaliya o‘zining moviy dengizi va musaffo suvlari bilan har yili millionlab sayyohlarni o‘ziga rom etadi. Qolaversa, Antaliya dunyodagi eng mashhur trekking yo‘llariga ega. Bu trekking ishqibozlari uchun shaharning tabiati, madaniyati va tarixini imkon qadar chuqurroq o‘rganish uchun ajoyib imkoniyatdir.
Likiya yo‘li: Antaliyaning antik sohil yo‘li
Likiya yo‘li Turkiyaning birinchi uzoq masofali trekking yo‘li bo‘lib, ochiq havo ishqibozlari va madaniyat izlovchilarning klassik manziliga aylandi. Fethiye va Antaliya o‘rtasidagi 540 kmlik bu yo‘l taxminan 35 kun davom etadi.
Likiya yo‘lining betakror sohil manzaralari, Toros tog‘ tizmalari, qishloqning so‘lim go‘shalari va tanho plyajlarning misli ko‘rilmagan uyg‘unligi ko‘zni qamashtiradi. YUNESKO tomonidan tan olingan Xanthos va Letoondan Olimposgacha bo‘lgan qadimiy shaharlari va Likiyaning antik qoldiqlari orasida inson o‘zini go‘yo o‘tmishga tushib qolganday his qiladi. Ayni vaqtda Likiya yo‘li ochiq havo sporti uchun mukammal tanlovdir. Yo‘l-yo‘lakay ajoyib plyajlarda dam olish va O‘rta yer dengizining tiniq suvlaridan bahramand bo‘lishdan tashqari, O‘ludenizdagi Babadag‘ tog‘ida paraplanda uchish, dunyoning eng yaxshi 10 sho‘ng‘ish joylaridan biri sifatida e’tirof etilgan Kashda suv tubiga sho‘ng‘ish, Kekova orolining sokin suvlarida kanoeda uchish yoki Turkiyaning eng ulkan qoyasi Geikbarda toqqa chiqish kabi aktivitilardan zavq olish mumkin.
Avliyo Pavlus izi: nasroniylikning tarixiy yo‘llari
Turkiyaning ikkinchi uzoq masofali trekking marshruti ham Antaliya chegaralarida joylashgan. Avliyo Pavlus yo‘li tarix bo‘ylab ajoyib sayohatga olib boradi. Bu yo‘l nasroniylikning eng nufuzli shaxslaridan birining izidan boradi: Avliyo Pavlus xristianlikning Onado‘li va O‘rta yer dengizi bo‘ylab tarqalishida asosiy rol o‘ynagan. Bu 500 km deb belgilangan marshrut nasroniy merosi uchun alohida ahamiyatga ega va chuqur ma’naviy hamda madaniy tajriba taqdim etadi.
Taxminan 27 kun davom etadigan manzil yam-yashil o‘rmonlar, qadimgi Rim yo‘llari va Avliyo Pavlusning Kichik Osiyoga birinchi missionerlik safari paytida foydalangan aylanma yo‘llaridan o‘tadi. U ikkita asosiy tarmoqqa bo‘linadi. Bu yo‘lning eng muhim jihati, tog‘li qishloqlardagi shinam uychalarda va lagerda qolish imkoniyatini beradi. Avliyo Pavlus yo‘lining birinchi qismi Pergedan boshlanib, Kurshunlu sharsharasidan o‘tib, Ispartaning Sutchuler tumanida tugaydi. Ikkinchi bosqich esa Aspendosdan boshlanib, rafting uchun muhim markaz hisoblangan Ko‘prulu kanyoni, Selge va Kasimlar orqali o‘tadi hamda qadimiy Adada shahrida birinchi yo‘l bilan birlashadi. Birlashgan yo‘l esa go‘zal Eg‘irdir ko‘lidan boshlanib, Turkiyaning 18 Cittaslow shahri — Yalvachgacha davom etadi.
Pisidiya merosi: Toros tog‘laridagi arxeologik yo‘l
Pisidia Heritage Trail- Antaliyaning qadimiy manzaralari bo‘ylab yana bir piyoda yurish marshrutidir. U qadimgi Pisidiya hududi — hozirda Antaliyaning shimoliy tog‘li hududlari bo‘ylab, Toros tog‘lari va o‘rmonlarning hayratlanarli tabiati bag‘ridan hamda nisbatan o‘zgarmagan qishloq hayoti orasidan o‘tadi. 350 kilometr uzunlikdagi ushbu yo‘l sakkizta asosiy yo‘nalishdan iborat bo‘lib, ularga yaqin atrofdagi asfaltlangan yo‘llarga tutashgan chorrahalardan kirish mumkin.
Nomidan ko‘rinib turibdiki, Pisidiya yo‘li qariyb 2000 yildan beri barhayot Antonin favvorasi bilan mashhur Sagalassos va Turkiyaning eng yaxshi saqlanib qolgan qadimiy shaharlaridan biri Termessos kabi ko‘plab qadimiy Pisidiya shaharlaridan o‘tadi. Trekkerlar, shuningdek, Ko‘prulu kanyoni, Selge va Ispartadagi Eg‘irdir ko‘lidan ham o‘tadilar. Erikli platosi kabi diqqatga sazovor joylarda qo‘l tegmagan tabiat, tor yo‘laklar, arxeologik maydonlar va ko‘chmanchilarning an’anaviy turmush tarzi kabi unutilmas onlarga guvoh bo‘lishadi.