Navoiyda erkak qizi va qaynonasining ko‘z o‘ngida xotinini o‘ldirishga urindi
Jinoyat ishlari bo‘yicha Navoiy viloyati Xatirchi tuman sudi binosida o‘tkazilgan ochiq sud majlisida turmush o‘rtog‘ini o‘ldirishga suiqasd qilgan shaxsga nisbatan jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. Bu haqda Jinoyat ishlari bo‘yicha Xatirchi tuman sudi sudyasi Habilulla Tuxtayev "Aniq.uz"ga ma’lum qildi.
1964 yilda tug‘ilgan H.Sobirov (shaxsi o‘zgartirilgan) 2021 yil 18 iyun kuni soat 22larda Xatirchi tumani, “Avoqli” mahalla fuqarolar yig‘ini, “Shirrak” qishlog‘idagi raqamsiz yashash uyining hovlisida turmush o‘rtog‘i Q.Yuldosheva (shaxsi o‘zgartirilgan) uning vafot etgan birinchi turmush o‘rtog‘i B.Hasanovadan bo‘lgan farzandlariga g‘amxo‘rlik ko‘rsatganligiga norozilik bildirgani sababli kelib chiqqan janjal davomida uning sha’ni va qadr-qimmatini kamsituvchi uyatli so‘zlar bilan haqorat qilgani natijasida yuzaga kelgan qasd zamirida, Q.Yuldoshevani qasddan o‘ldirish maqsadida xonadon hovlisidagi go‘sht taxtasi ustida turgan oshxona chopqisini qo‘lga olib, voyaga yetmagan qizi S.Sunnatova va qaynonasi SH.Qo‘ldashevalarning ko‘z o‘ngida, ularga kuchli ruhiy iztirob berayotganligini anglagan holda, oshxona chopqisi bilan Q.Yuldoshevaning hayoti uchun muhim a’zosi hisoblangan bosh tepa, ensa va yonoq sohalariga besh marta hamda o‘ng tirsak bo‘g‘in sohasiga ikki marta urib, unga o‘ta shavqatsizlik bilan hayoti uchun xavfli bo‘lgan og‘ir tan jarohatlari yetkazib, o‘ta shavqatsizlik bilan qasddan odam o‘ldirishga suiqasd qilgan.
Shundan keyin, H.Sobirov jinoyatning guvohi bo‘lgan voyaga yetmagan qizi S.Sunnatovaning ruhiy hayajonlanish holatida onasi Q.Yuldosheva o‘lganligi haqidagi so‘zlarini eshitib, Q.Yuldoshevani qasddan o‘ldirishdan iborat jinoiy maqsadiga erishganligiga ishonch hosil qilgach, qo‘lidagi jinoyat quroli hisoblangan oshxona chopqisini hovlidagi chuqur xandakka tashlab yuborib, xodisa sodir bo‘lgan joydan yashiringan.
Q.Yuldosheva o‘z vaqtida Xatirchi tuman tibbiyot birlashmasiga olib borilib, ko‘rsatilgan tibbiy yordam natijasida, uning hayoti saqlab qolingan.
Respublika sud tibbiy ekspertizasi ilmiy-amaliy markazi Navoiy viloyat filialining 24.07.2021 yildagi 797-sonli xulosasida jabrlanuvchi Q.Yuldoshevaning tanasida bosh miya yopiq jarohati, bosh miya lat yeyishi, bosh chap chakka, o‘ng chakka tepa suyaklari, o‘ng yonoq suyaklari sinib siljishi, bosh chap chakka, o‘ng tepa, o‘ng yonoq va o‘ng tirsak bo‘g‘imi chopilgan yarasi kabi hayot uchun xavfli bo‘lgan og‘ir tan jarohatlari aniqlanib, ushbu jarohatlar o‘tkir chopuvchi jismdan yetkazilganligi ko‘rsatilgan.
Sud, H.Sobirovni sodir etgan jinoyatining xususiyati va ijtimoiy xavflilik darajasini, muqaddam sudlanmaganligini, aybiga iqrorligi, qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonligini, muqaddam sudlanmaganligini, jabrlanuvchining da’vosi yo‘qligini, yoshini, jabrlanuvchi bir oila ekanligini, sodir etgan jinoyatni ijtimoiy xavflilik darajasini, oilaviy sharoiti inobatga olib, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 25,97-moddasi 2-qismi “j” bandi bilan shu Kodeksning 57-moddasini qo‘llab, 10 (o‘n) yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.