Namanganda bozordagi ayollar sumkasini o‘g‘rilayotgan shaxsga sud hukmi o‘qildi
Jinoyat kodeksining 169-moddasida o‘g‘rilik uchun jinoiy javobgarlik nazarda tutilgan bo‘lib, o‘g‘rilik, ya’ni o‘zganing mol-mulkini yashirin ravishda talon-toroj qilishda ifodalanadi.
Ikki nafar farzandning otasi bo‘lib, 47 yoshida 3 marta sudlanishga ulgurgan sudlanuvchi B.Vohidov (shaxsi shartli) xavfli residivist bo‘lgani holda, joriy yil 12 may kuni Chust shahridagi “Chust Dehqon bozori” ichida joylashgan yog‘ sotish do‘koni oldida, J.Zakirovani ushbu joyda savdo qilib turganidan va uning sumkasi qarovsiz qolganidan foydalanib, ushbu sumka ichida bo‘lgan ayollar karmoni va 1.740.000 so‘m miqdoridagi pullar, J.Zakirova va uning o‘g‘liga tegishli bo‘lgan fuqarolik pasportlari, kredit uchun qilingan to‘lovlar kvitansiyasini yashirin ravishda talon-taroj qilgan.
Bundan tashqari, B. Vohidov takroran, 2022 yil 14 may kuni Chust shahridagi “Chust Dehqon bozori” yonida bo‘lgan ayollar kiyim kechaklari sotiladigan do‘konga kirib, X. Shoyeva o‘ziga kiyim tanlayotganidan foydalanib, unga tegishli bo‘lgan sumka qarovsiz qolganligidan foydalanib, ushbu sumka va uni ichida bo‘lgan ikki dona “J-3 va J-4” rusumli telefon apparatlari, bir dona narxi 500.000 so‘mlik kumush uzug, bir dona narxi 200.000 so‘mlik mexanik soat, bir dona narxi 70.000 so‘mlik bolalar sumkasi, uni ichida narxi 250.000 so‘mlik yosh bolalar kiyim kechaklari, bir dona narxi 20.000 so‘mlik ayollar sumkasi, uni ichida 1.700.000 so‘m pullar, 60.000 so‘mlik dori-darmonlar, ikki dona fuqarolik pasporti va bir dona bolalar plastik kartasini yashirin ravishda talon-taroj qilganligi aniqlandi.
Sud, sudlanuvchi, jabrlanuvchilar va guvohlarning ko‘rsatuvlarini eshitib, taraflarning muzokara so‘zlarini, sudlanuvchining himoya va oxirgi so‘zini tinglab, ishdagi dalillarni har tomonlama to‘la va ob’ektiv tarzda tekshirib, muhokama qildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2006 yil 3 fevraldagi “Sudlar tomonidan jinoyat uchun jazo tayinlash amaliyoti to‘g‘risida”gi qarorining 37-bandida qonunga muvofiq, sudlar, nafaqat shaxs jinoyat sodir etish vaqtida ko‘zlagan motiv va maqsad, ayb shakli va darajasini, balki aybdorning shaxsi, jinoyat ishtirokchilari orasidagi roli, jinoyat sodir etilish paytidagi yoki sodir etilganidan keyingi xulq-atvori, jinoyatni sodir etish sabablari va bunga olib kelgan shart-sharoitni ham e’tiborga olishlari lozimligi haqida tushuntirishlar berilgan.
Sud, sudlanuvchi B.Vohidovga nisbatan jazo tayinlashda sodir etilgan jinoyat bo‘yicha aybiga iqrorligini, qilmishidan pushaymonligini, muqaddam sudlanganligini inobatga olib, unga nisbatan u ayblanayotgan moddalar sanksiyasida ko‘rsatilgan ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.
Avazbek Inamov,
jinoyat ishlari bo‘yicha Chust tuman sudining raisi