Nahotki! 43 yildan beri elektr tokisiz faoliyat yuritgan maktab aniqlandi

Nahotki! 43 yildan beri elektr tokisiz faoliyat yuritgan maktab aniqlandi

Dehqonobod tumani hokimi Zoir Aliqulov 18 noyabr kuni xalq bilan muloqot davomida 43 yildan beri elektr tokisiz faoliyat yuritib kelayotgan maktabni aniqlagan. Bu haqda tuman hokimligi axborot xizmati «Daryo»ga ma’lum qildi.

Tuman hokimligi axborot xizmatining xabar berishicha, Zoir Aliqulov 18 noyabr kuni tumanning Yashnobod mahallasida bo‘lib, xalq muammolarini tinglagan hamda hududga tashrifi chog‘ida mahalladagi maktab filialida ham bo‘lgan.

«Hokim filial sinfxonalarida bo‘lib o‘quvchilar uchun yaratilgan shart-sharoit bilan tanishdi. Isitish tizimini ko‘zdan kechirdi. Sinfxonalardagi harorat bilan qiziqdi va kutilmagan holatga duch keldi», — deyiladi axborot xizmati xabarida.

Ma’lum bo‘lishicha, 40-maktabning 62 nafar o‘quvchisi tahsil oluvchi mazkur filialda elektr energiyasi yo‘q. Maktab 43 yildan beri shu ahvolda faoliyat yuritgan.

Zoir Aliqulov mazkur holat aniqlangach, tuman elektr korxonasi rahbarini chaqirib, holatga izoh so‘ragan va tuman elektr korxona rahbari faoliyatini qoniqarsiz deb baholagan.

Ma’lum bo‘lishicha, maktabda elektr toki mavjud emasligi bilan hech kim qiziqmagan va mutasaddilarga xabar berilmagan.

Qayd etilishicha, maktab filiali 1976 yil hashar yo‘li bilan qurilgan. Ushbu bino 2007 yilda buzilib, o‘rniga yangi o‘quv binosi qurilgan. 2017 yil esa 40 o‘ringa mo‘ljallab, yana bitta yangi bino qurilgan. Ammo har ikkala binoga ham elektr ta’minoti o‘tkazilmagan va maktab shu tarzda faoliyat yuritgan. Quruvchi tashkilot rahbariga elektr energiyasi ta’minotini o‘tkazish lozimligi aytilganda, u elektr ta’minoti loyihada ko‘zda tutilmaganini bildirgan.

Ma’lum qilinishicha, 2017 yil 650 million so‘m mablag‘ evaziga 40-maktabning 140 o‘rinli asosiy binosi va 40 o‘rinli filiali qurib bitkazilgan.

Vaziyatdan xabar topgan Zoir Aliqulov tuman elektr tarmoqlari korxonasi rahbari Xolmurod Xudoyberdiyevga shu kunning o‘zida viloyat hududiy elektr tarmoqlari korxonasiga murojaat qilishi lozimligini, maktab uchun transformator olib kelib, elektr simlari tortib berishi to‘g‘risida topshiriq bergan.

Tuman hokimi hududga tashrifida mahalla ahlini qiynab kelayotgan ko‘prik muammosiga ham e’tibor qaratgan.

Xabar berilishicha, bundan 4—5 yil ilgari katta sel kelishi oqibatida qishloq ko‘prigi buzilib ketgan. Shu sababli, aholi yo‘ldan o‘tishda qiynalgan. Qishloq yaqinidan o‘tuvchi katta soydan bahor va kuz oylarida juda katta selgan vaqtda, aholi ko‘prikdan o‘ta olmaydi. Qishloqqa ichimlik suv keltirish uchun esa ana shu soydan o‘tish kerak.

Aholi shikoyatiga ko‘ra, mazkur soyning narigi tomonida 300 nafarga yaqin kishi istiqomat qiladi. Maktab o‘quvchilari ham shu soydan o‘tib maktabga qatnaydi.

Ushbu muammolarni tinglagan Zoir Aliqulov qishloq ahli uchun ko‘prik qurilishi zarurligini ta’kidlab, mutaxassislarga qisqa fursat ichida ko‘prik qurish xarajatlarini hisoblab, bor imkoniyatni ishga solib, ishni boshlash haqida topshiriq bergan.

Tuman hokimligi axborot xizmatining yozishicha, ko‘prik qurilishi va filialga elektr toki o‘tkazilishi xususida tez orada xabar beriladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!