Mutaxassis: O‘zbekistonga «chigirtka balosi» xavf solayotgani yo‘q!

Mutaxassis: O‘zbekistonga «chigirtka balosi» xavf solayotgani yo‘q!

O‘zbekiston hududiga chigirtkalarning katta miqdordagi zararli to‘dasi kirib kelgani haqida ma’lumot kelib tushmagan, hozirgi vaqtda bunday xavf yo‘q. Bu haqda «O‘zagrohimoya» kompaniyasi yetakchi mutaxassisi O‘tkir Mirzayev «Daryo» muxbiri Musulmonbek Ibrohimovga ma’lum qildi.

O‘tkir Mirzayevning ta’kidlashicha, Tojikistondan Surxondaryo viloyatiga va Turkmanistondan Qashqadaryo, Buxoro viloyatlariga shamol orqali oz miqdorda chigirtkalar kirib kelishi mumkin. Ammo bu xavfni bartaraf etish uchun chegara hududlarida kuch va vositalar shay holatda turibdi.

«Hozirda 200 ga yaqin texnika va 700 dan ziyod ishchi-xodimlar zararli chigirtkalarga qarshi kurashish uchun jalb qilingan. Chegara hududlarimizda ham maxsus texnikalar shay turibdi. Chigirtkalarning har qanday xavfli to‘dasini yo‘q qilish uchun texnik imkoniyatlarimiz ham, kimyoviy dori vositalarimiz ham yetarli», — dedi u.

Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistonga chigirtkalar to‘dasi kirib kelgani haqida videolavhalar tarqaldi. Bundan tashqari, Eron va boshqa O‘zbekistonga yaqin mamlakatlarga chigirtkalar galasi yopirilgani haqida xabarlar ham ko‘p uchramoqda.

«Eronda kuzatilgan Marokash chigirtkalari to‘dasining O‘zbekistonga kirib kelishi ehtimoli juda kam. Eronga Afrikadan kirib kelgan Marokash chigirtkalari asosan cho‘llarda uchraydi. Bu kabi chigirtka turlari O‘zbekistonda ham bor, lekin tarqoq holda yashaydi», — dedi «O‘zagrohimoya» vakili.

«Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan O‘zbekistonga ham chigirtkalar kirib kelgani haqidagi videolavhada asos yo‘q, unda biror manzil ham aytilmagan. Shu vaqtgacha O‘zbekistonning biror hududiga chigirtka to‘dasi kirib kelgani haqida aholidan murojaat tushgani yo‘q, mutaxassislarimiz tomonidan ham bunday holat qayd etilmagan», — dedi Mirzayev.

Uning ta’kidlashicha, Farg‘ona vodiysi viloyatlarida ham chigirtka xavfi yo‘q. «Qirg‘izistonlik hamkasblarimiz chigirtkalar harakati ancha susayib, uchib o‘tish xavfi yo‘qligini ma’lum qilishdi. Hududimizda mavjud chigirtkalar uzog‘i bilan 15—20 kunda tabiiy ravishda yo‘q bo‘lib ketadi», — dedi «O‘zagrohimoya» mas’ul xodimi.

O‘tkir Mirzayevning ta’kidlashicha, buning uchun zararli chigiritkalarga qarshi kimyoviy tozalash ishlari olib borilmoqda. Bunday tozalash ishlari O‘zbekistonda har yili olib boriladi.

«O‘zbekistonning qirlik, adirlik va tog‘li hududlarida chigirtkalarning tabiiy o‘choqlari bo‘lib, u yerga chigirtkalar tuxum qo‘yadi. Kuz va bahorda chigirtkalar tuxum qo‘ygan joylarda kuzatuv olib boriladi. Bir metr kvadrat maydonda qancha tuxum borligiga qarab kimyoviy vositalar sepiladi. Hozirgacha xavf mavjud bo‘lgan joylarda 50 foizdan ortiq kimyoviy tozalash ishlarini yakunladik, bu boradagi ishlar hali davom etmoqda», — deya qo‘shimcha qildi O‘tkir Mirzayev.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra2020 yilda O‘zbekiston bo‘yicha zararli chigirtkalarni 597,9 ming gektarda tarqalishi bashorat qilingan. 15 may holatiga ko‘ra mamlakat bo‘yicha zararli chigirtkalarning 122,2 ming gektar maydonda tarqalganligi aniqlanib, 112 ming gektar maydonda kimyoviy ishlovlar o‘tkazilgan edi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!