Kannavaro O‘zbekiston terma jamoasini nega tanlaganini aytdi
O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro "Prime Video Sport IT" YouTube kanaliga bergan intervyusida jamoaga kelishi jarayoni va qaror qabul qilish sabablari haqida gapirdi.
"Jamoada avval murabbiy bor edi — Katanes. Lekin oxirgi to‘rtta o‘yin qolganda unda sog‘liq bilan bog‘liq muammo paydo bo‘ldi va u lavozimini tark etdi. Keyin mahalliy murabbiy jamoani qabul qildi va ular saralash bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tishdi. Shundan keyin federasiya jamoani xorijlik murabbiyga topshirishga qaror qildi", — dedi Kannavaro.
U O‘zbekistonga avval “afsonalar o‘yini”da ishtirok etish uchun kelganini, shu orqali mamlakat futboli muhitini biroz o‘rganganini ta’kidladi.
"Men O‘zbekistonga avval “afsonalar o‘yini”da qatnashish uchun kelganman. Shu vaqtda muhitni biroz bilib olgandim. U yerda vise-prezident bor — u sobiq xalqaro hakam. Men u bilan gaplashdim. Oradan 15–20 kun o‘tib, u menga qo‘ng‘iroq qildi va men bilan uchrashmoqchi bo‘ldi. Men darhol rozi bo‘ldim", — dedi u.
Kannavaro, shuningdek, taklif qabul qilish jarayonida moliyaviy masalalar muhokama qilinmaganini alohida qayd etdi.
"Men u bilan pul haqida ham, boshqa shartlar haqida ham gaplashmadim. Men faqat shuni aytdim: Jahon chempionatiga chiqish — bu biz uchun, buni boshdan kechirganlar uchun allaqachon katta sovg‘a", — deya so‘zini yakunladi murabbiy.
