Musulmon kishi birovni la’natlashi mumkinmi?

Musulmon kishi birovni la’natlashi mumkinmi?

Mo‘min kishi bu dunyoda yashar ekan doimo har bir harakati, yurish-turishi va gapirayotgan gapiga hisob-kitob qilinishini unutmasligi kerak. Insonlar bilan muomala qilganimizda ba’zi odamlar bilib-bilmasdan birovni haqorat qilish, qabih so‘zlar bilan kamsitish, hatto “padaringga la’nat”, “la’nati” degan so‘zlarni gapirayotganini eshitib qolamiz. Aslida, musulmon odam boshqa odamga “la’nati” degan so‘zni qo‘llashi to‘g‘rimi?

Solim ibn Abdullohdan rivoyat qilinadi: “Abdullohning biror kimsani la’natlaganini hech eshitmadim. Faqat insonnigina emas (boshqa narsalarni ham)”.

Solim yana aytadi: Abdulloh ibn Umar Rosululloh sollallohu alayhi vasallamning “Mo‘min kishi la’natlovchi bo‘lmaydi”, deganlarini aytib bergan.  Bu hadisi sharifda bayon qilinganidek mo‘min kishi la’natlovchi bo‘lmas ekan.

So‘kish, la’nat aytish, xususan “la’nat” degan so‘zni ishlatishdan juda ehtiyot bo‘lishimiz lozim. “La’nat” so‘zi lug‘atda la’natlamoq, qarg‘amoq, uzoqlashtirmoq va haydamoq ma’nolarini bildiradi. Istilohda esa, “Allohning rahmatidan uzoq bo‘lish” degan ma’noni anglatadi. Shuning uchun, e’tiqodimizda ma’lum bir shaxsni, hatto kofir bo‘lsa ham, la’natlab bo‘lmaydi. Oyati karimalardagi kofirlarga aytilgan la’nat umumiy bo‘lib, joizdir. Biroq, ma’lum bir shaxsni la’natlab, unga “Senga Allohning la’nati bo‘lsin” deyish joiz emas. Keling, gapimiz hujjatli bo‘lishi uchun “Hakimul umma” deb ta’riflangan Ashraf Ali Tahonaviy rohmatullohi alayhning “Al-muxtasar fil fiqh al-hanafiyya” nomli asarlarida aqoid bobida keltirilgan quyidagi so‘zlarga e’tibor qaratsak:

“Musulmon odam biror kishiga “Ey kofir” deb xitob qilmog‘i joiz emas. Shuningdek, biror odamni aynan o‘zini la’natlash joiz emas. Balki “zolimlarga Allohning la’nati bo‘lsin”, “yolg‘onchilarga Allohning la’nati bo‘lsin” deyiladi. Lekin, Alloh va rasuli bir odamni “kofir” deb, nomlagan bo‘lsa, yoki aynan bir insonni o‘ziga “la’nat bo‘lsin” degan bo‘lsa – bularga ishlatish joiz bo‘ladi”.

Demak, yuqorida qayd etilgan so‘zlarga ko‘ra, la’natlash yoki la’nat so‘zini ishlatishda juda ehtiyot bo‘lishimiz lozim va lobuddir.

Alloh taolo barchamizni dinimiz ta’limoti va e’tiqodimizga ko‘ra hayot kechirishimizni nasib aylasin!


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!