Musibatga uchraganni ko‘rganda nima qilish kerak?

Musibatga uchraganni ko‘rganda nima qilish kerak?

Ko‘cha-ko‘yda turli baloga uchragan, masalan, avtohalokatga, yong‘inga uchraganlar, bemorlik va hokazo holatlarga duchor bo‘lganlarni ko‘rib yoki eshitib qolamiz.

Afsuski, bunday paytda ko‘pchilik musulmonlik odobiga to‘g‘ri kelmaydigan ishlarni qilishadi: darhol telefonga tasvirga olib, internetda tarqatishadi.

Dinimizda barcha holatlarning odoblari, shu jumladan, sinovga, baloga uchraganni ko‘rganda bajarilishi lozim bo‘lgan odoblar bor.

Xo‘sh, mo‘min bandaning birodarini musibatga, baloga uchraganini ko‘rganda odobi qanday bo‘lmog‘i lozim?

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim baloga uchragan kishini ko‘rganda “Alhamdu lillahillaziy a’faniy mimmaa ibtalaaka bihi va fazzolaniy a’la kasiyrin mimman xolaqo tafziylan” desa, unga o‘sha balo yetmaydi», dedilar (Imom Termiziy rivoyati).

Demak, bir birodarimizning o‘ziga, uy-joyiga, mol-mulkiga talofat yetganini ko‘rsak yoki eshitsak, to‘xtab, mazkur hadisda kelgan duoni o‘qib, Alloh taolodan o‘zimiz uchun ham, o‘sha birodarimiz uchun ham panoh so‘rashimiz kerak.

Keyin o‘sha insonga qo‘limizdan kelgan yordamni ko‘rsatishimiz lozim. Avtohalokatga uchragan bo‘lsa, tezroq shifoxonaga olib borish, uyi, mol-mulki yongan bo‘lsa, o‘t o‘chiruvchilarni chaqirish, uy ichidan jabrdiydalarni olib chiqish, ularga kerakli yordamni ko‘rsatish bilan musulmonlik odobimizga amal qilgan bo‘lamiz.

Agar buning o‘rniga telefonga rasmga, videoga olib, hammaga tarqatsak, o‘sha birodarimizning musibatiga musibat qo‘shgan, diliga ozor bergan bo‘lamiz. Qolaversa, insonlarning musibatli holatlarini tarqatish orqali o‘z obro‘sini, obunachilarini o‘ylash birovning jarohati ustida raqsga tushishdek gap. Musulmon odam esa bunday noma’qul ish qilmaydi. Aksincha, birodarining musibatidan o‘zi ham iztirobga tushadi va qo‘lidan keladigan yordamni berishga intiladi.

Alloh taolo barchamizni O‘zining hidoyatidan ayirmasin va xotimamizni chiroyli qilsin!

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!