Migrantlar: O‘rta yer dengizidagi yangi fojia

Migrantlar: O‘rta yer dengizidagi yangi fojia

O‘tgan haftada O‘rta yer dengizi orqali o‘tishga uringan va cho‘kib ketgan muhojirlarning taxminiy soni aniqlandi.

Fojia bir necha kun oldin, omon qolgan odamlarni «Vos Triton» savdo kemasi qutqarib olganida ma’lum bo‘ldi. Fojia guvohlarining ko‘rsatmalariga ko‘ra, ular Liviyadan jo‘nab ketishgach, bir necha soatdan keyin qayiqqa suv to‘la boshlagan.

"Ular payshanba kuni Liviya qirg‘og‘ini tark etishdi. Qayiqda kamida 120 kishi bo‘lgan. Muammolar deyarli shu zahotiyoq yuzaga kelgan. Yo‘lovchilar juda ko‘p edi. Odamlar dengizga qulay boshladi. Avval olti kishi dengizga g‘arq bo‘ldi. Ikki kishi uzoqdagi kemani ko‘rib, najot ilinjida suvga o‘zini otdi, ular ham cho‘kib ketdi. Hozirda 41 kishi bedarak yo‘qolgan. Faqat bitta jasad topildi. Odamlar "Vos Triton" boshchiligidagi savdo kemasi ekipaji tomonidan olib borilgan qutqaruv operasiyasi paytida yo‘qoldi», deya voqeaga izoh berdi BMTning Qochqinlar bo‘yicha Oliy Komissarligi vakili Karlotta Sami.

Ushbu voqea shu yilning o‘zidayoq O‘rta yer dengizi orqali Yevropaga borishga urinishdagi fojiali yakun topgan ikkinchi hodisadir. Bu yo‘nalish qochqinlar uchun eng xavfli hisoblanadi.

BMTning statistik ma’lumotiga ko‘ra, yetti yil davomida O‘rta yer dengizida 20 mingdan ortiq migrant cho‘kib ketgan.

G.Xoldorova tayyorladi


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!