Meksikada arxeologlar odamdek keladigan ulkan niqob topib oldi

Meksikada arxeologlar odamdek keladigan ulkan niqob topib oldi

Meksikada arxeologlar Mayya sivilizasiyasiga tegishli ulkan niqobni topib, uni qayta tikladi.

Bu haqda «Live Science» ilmiy yangiliklar sayti ga asoslanib "Teznews.uz" xabar berdi.

«Zamonaviy Motul shahri yaqinidagi Ukanya arxeologik hududidan odam o‘lchamidagi ulkan niqob topildi», deyiladi maqolada. Artefakt Mayya davriga (miloddan avvalgi 300–250 yillarga) tegishli. Ta’kidlanishicha, ushbu niqob 2017 yilda topilgan, ammo olimlar bu haqda endi aytib berishga qaror qilgan. Arxeologlarning so‘zlariga ko‘ra, artefaktning xavfsizligi uchun ular bu haqda xabar qilmagan. Chunki «xazina qidiruvchilar» bu topilmaga yetib borishi va uni yo‘q qilish xavfi mavjud edi.

Ma’lum bo‘lishicha, o‘shandan beri Meksika Milliy Antropologiya va Tarix Instituti (INAH) tadqiqotchilari uni tiklash uchun harakat qilib kelgan.

«Darhaqiqat, bu vaqt davomida olimlar topilmani tarixiy qadriyatlarni talon-toroj qiluvchilardan yashirgan. Bundan tashqari, 2017 yilda arxeologlar ushbu niqobni hech kim topolmasligi uchun ataylab qayta ko‘mgan. O‘zlari kerakli uskunalar va mablag‘larni topganidan keyingina ishga kirishgan. Qayta tiklash ishlari yaqinda yakunlandi», deb yozadi sayt.

Qayta tiklash va konservasiya jarayonida arxeologlar niqobning mo‘rt qismlarini mustahkamlagan, vaqt o‘tishi bilan ko‘chirilgan qismlarini asl holatiga qaytargan. Bundan tashqari, artefakt yuzasi yaxshilab tozalangan bo‘lib, bu barcha naqshlarni va hattoki saqlanib qolgan ranglarni ochib berishga imkon bergan. Aytilishicha, niqobda o‘sha davrning noma’lum xudosi yoki juda muhim shaxsning yuzi tasvirlangan.

Olimlarning ta’kidlashicha, bunday mayya-topilmalar, odatda, piramida shaklidagi inshootlar zinalari atrofida joylashadi. Arxeologlar ilgari Akancha va Isamaldan shunga o‘xshash ashyolarni topgan, ammo bu topilma Ukanyada birinchisi hisoblanadi.

Ma’lumot uchun, artefakt (neologizm, lotincha Ars — «san’at» + lotincha Factus — «yasalgan», ya’ni «san’at qoidalariga binoan qilingan») ijodiy faoliyat mahsulidir.

 


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!