Masjid – tarbiya maskani

Masjid – tarbiya maskani

Islomda masjid ilm o‘chog‘i, tarbiya maskani hisoblanadi. Islom farzandlarini masjiddan ayri shaklda tasavvur qilishning o‘zi imkoni yo‘q. Negaki, Islomdagi barcha ulug‘ ulamolar, buyuk sarkardalar, dunyoga tanilgan zotlar ana shu hozir bolalar to‘silayotgan masjidda Ollohni taniganlar, qalblariga iymon nuri singgan, yuksak tarbiyani olganlar.

Bunda ular payg‘ambar alayhissalom irshod etgan yo‘lni tutganlar. Zotan, payg‘ambar zamonida masjid ana shunday ma’vo edi.

Ibn Mas’ud roziyallohu anhuning bolalarni masjidga undab namozga yoshlikdan o‘rgatib borishni tavsiya qilganliklari va “doim mahkam turinglar, o‘rgatinglar. Zero, yaxshilikka odatlangan amal davomli bo‘ladi” deganlari rivoyat etiladi.

O‘tgan salaflarimiz bu kabi nasihatga amal qilib bolalarni namozga o‘rgatishar, qiziqtirish maqsadida turli sovg‘a-salomlar bilan rag‘batlantirar ham edilar.

Shuningdek, zehn va g‘ayratda ortiqroq bo‘lganlarni olqishlashar, yanada intilishlari uchun turli uslublarni qo‘llar edilar.

Islom olamida alloma Ibnul Javziy rohimahullohni tanimagan kishi bo‘lmasa kerak. Yuzlab foydali kitoblar muallifi, xutbalari, mav’izalari bilan zamonasining eng so‘zga chechan xatib (orator)laridan bo‘lgan bu kishini yoshligida kim kashf etib, rag‘batlantirganini bilasizmi?

Ustozi Abulqosim al Balhiy rohimahulloh uning oratorlikka qobiliyati borligini sezgach, o‘zi bilan birga masjidlarda olib yurar, xutba qilishga o‘rgatar edi. Yoshi o‘n uchga yetganida katta bir izdihomda uni minbarga chiqaradi. Ibnul Javziy bu voqeani eslar ekan, “to‘planganlar soni taxminan ellik ming edi” deydi.

Bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin. Bola masjidga qatnar ekan, faqat namoznigina o‘rganmaydi, balki kattalar davrasi, yoshi ulug‘lar orasiga kiradi, ilmdan ham ko‘ra odob o‘rganadi, aql doirasi kengayadi, tafakkuri chuqurlashadi.

Amr ibn Os roziyallohu anhu bir kun qurayshliklar o‘tirgan davra yonidan o‘tar ekan, ularga shunday xitob qiladi: “Bolalarni nega chetga surib qo‘ydinglar? Unday qilmanglar. Davradan joy beringlar, gap-hadis o‘rgatinglar. Bugun ular kichik bo‘lsalar, yaqin vaqt ichida ulg‘ayib davra tizginini qo‘lga oladilar”.

Ibn Shihob rohimahulloh ham bolalarni, yoshlarni rag‘batlantirar, “O‘zingizni yoshingiz sabab ortga tortmang, g‘ayratli bo‘ling, zero Umar ibn Xattob roziyallohu anhu bir muammoga yechim topmoqchi bo‘lsa, dastlab o‘smirlar, yosh yigitchalarni to‘plab, ular bilan maslahat qilib, fikrlarini olar edi” der edi.

Xulosa, masjid musulmon avlodni har tomonlama yetuk qilib tarbiyalovchi, unga ma’naviy oziq beruvchi benihoya muhim buloq, zarur sarchashmadir.

Ey siz, xalqni boshqarish mas’uliyatini o‘z zimmasiga olgan mutasaddilar!

Bolalarni bunday yaxshiliklardan to‘sib butun xalqni mahrum, o‘zingizni esa badbaxt qilib qo‘ymang. Aks holda, Olloh taolo g‘azabi, avlodlar qarg‘ishi ostida qolasiz. Biz sizning bu holga tushishingizni aslo istamaymiz. Keling, aql tarozisi bilan ish ko‘rib, tarixda yaxshi nom bilan qoling. Sizlarni odamlar masjiddan to‘sgan manfur kimsalar sifatida emas, yosh avlodni ma’rifat o‘chog‘i tomon yo‘llagan mashhur shaxslar sifatida tilga olsin.

Manba: azon.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!