Maoshning yarmi kreditga ketayotgani muammolar keltirib chiqarishi mumkin — Markaziy bank

O‘zbekistonda aholi tomonidan olinayotgan qarzlar oylik daromadning yarmiga tenglashgan, Markaziy bank esa bunday yuk moliyaviy barqarorlikka tahdid solishi mumkinligini ta’kidlamoqda.
O‘zbekistonda aholining qarz yuki oshib borayotgani va bu moliyaviy barqarorlikka tahdid solayotgani haqida Markaziy bank so‘nggi tahlilida jiddiy ogohlantiruv bilan chiqdi. Qarz miqdori ortishi, ayniqsa, oylik daromadning yarmigacha kreditga yo‘naltirilayotgan holatlar kelgusida moliya tizimida muammolar keltirib chiqarishi mumkin.
Markaziy bankning 2024 yilgi «Moliyaviy barqarorlik sharhi»ga ko‘ra, aholining kredit yuki o‘rtacha 34 foizni tashkil etmoqda. Bank qarzdorlarining katta qismi oylik daromadining kamida yarmini qarz to‘lashga sarflayapti. Bunday aholi toifasining qarzlari umumiy kreditlarning 40 foiziga teng bo‘lib, bu juda yuqori ko‘rsatkich sanaladi.
Tahlillarga ko‘ra, iqtisodiyotda inflyasiya o‘sishi, ishsizlikning oshishi yoki real ish haqi pasayishi banklar uchun xavfli bo‘lishi mumkin. 2027 yilga borib to‘rtta yirik bank belgilangan kapital talabidan pastga tushib ketish ehtimoliga duch kelishi mumkin. Bu esa ularning barqarorligiga jiddiy xatar soladi.
Shu bilan birga, hozircha banklar likvidlik bo‘yicha barqaror ahvolda. 2025 yil oxirigacha banklar mablag‘ oqimini ta’minlashga qodir, hatto yirik mijozlar omonatlarini qaytarib olsa ham, muammolarni hal qilish imkoniyati bor. Biroq, ayrim banklar yirik mijozlarga bog‘lanib qolgani kelajakda xavf manbai bo‘lishi mumkin.
2024 yilda uy-joy bozoridagi haddan tashqari baholanish ham xavotir uyg‘otmoqda. Uylar asl qiymatidan o‘rtacha 17 foizga qimmat baholangan. Ipoteka shartlarining qat’iylashuvi natijasida savdolar kamaygan. Shu bilan birga, avtokreditlar segmentida vaziyat biroz yaxshilangan, transport sohasida qarz yuki pasaygan.
Mikroqarzlar to‘lovining kechikishi alohida xavf sifatida ko‘rsatilmoqda. Ayrim banklarda muammoli mikroqarzlar ulushi yuqori bo‘lib, ularni qoplash uchun zaxiralar yetarli emas. Bu esa bunday kreditlar bo‘yicha xavf darajasini keskin oshirmoqda.
Tashqi xavflar ham Markaziy bank diqqat markazida. So‘rov natijalariga ko‘ra, respondentlarning 53 foizi geosiyosiy notinchlikni asosiy xavf deb bilgan. Shuningdek, inflyasiya, valyuta kursi o‘zgarishi, aholi qarzining ortishi va kiberhujumlar eng katta xavflardan sanalgan.
Umuman olganda, respondentlarning yarmidan ko‘p qismi kelgusi 1 yilda jiddiy xatar yuzaga chiqishini kutmayotganini bildirgan. Biroq 3 yil ichida xavf ehtimolini o‘rtacha darajada deb baholaganlar soni ko‘p. Shu bilan birga, 67 foiz ishtirokchi mamlakat moliya tizimiga ishonchini saqlayotganini ta’kidlagan.