Ma’muriy sudlar fuqaro va tadbirkorlarning huquq hamda erkinliklarini himoya qiladi
Sud – jamiyat hayotida qonun ustuvorligi, adolat barqarorligini ta’minlaydigan mustaqil hokimiyat tarmog‘idir.
SH.Mirziyoyev
Mamlakatimiz hayotining barcha jabhalarida taraqqiy etgan davlatlarning ilg‘or tajribalari va o‘zbek davlatchiligining ko‘p asrlik tarixga ega bo‘lgan an’analariga asosan bir qator islohotlar amalga oshirilmoqda.
Biz yashab turgan jamiyatda inson huquq va erkinliklari oliy qadriyat sanalanadi. Aynan fuqarolarning huquq va erkinliklari muhofaza qilinishi hamda buzilgan huquqlarining tiklanishi bevosita sud hokimiyatining mustaqilligi bilan, shuningdek, ushbu hokimiyatning adolatli va xolis qaror qabul qilishi bilan baholanadi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda sud-huquq tizimini yanada takomillashtirish, fuqaro va tadbirkorlarning huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish choralarini yanada kuchaytirish, odil sudlovni samarali ta’minlash hamda sudyalar hamjamiyati rolini oshirish bo‘yicha izchil ishlar olib borilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 7 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi to‘g‘risida”gi PF-4947-sonli Farmonida 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha ushbu Harakatlar strategiyasida fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kengaytirish, ularning odil sudlovga erishish darajasini, sud ish yurituvining samaradorligi va sifatini oshirish, nomzodlarni tanlash va sudyalik lavozimiga tayinlash tizimini yanada takomillashtirish sud-huquq sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning eng muhim yo‘nalishlari sifatida mustahkamlandi.
Keyingi qadamlardan yana biri bu, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 24 iyuldagi “Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-6034-sonli Farmoni va unda ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish vakolatini ma’muriy sudlardan jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarga o‘tkazish, shuningdek, ma’muriy va boshqa ommaviy huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ishlarni ko‘rishga ixtisoslashtirilgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida tumanlararo ma’muriy sudlarini tashkil etish, shu munosabat bilan tuman (shahar) ma’muriy sudlarini tugatish belgilangan. Bunda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar ma’muriy sudlari saqlab qolindi.
Zero, ma’muriy sudlarning asosiy vazifasi oddiy fuqarolarni davlat organlari mansabdor shaxslari tomonidan chiqarilgan fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlariga zid bo‘lgan hujjatlari va harakatlaridan himoya qilishdir. Ushbu Farmonda nazarda tutilgan islohotlar bosqichma bosqich hayotga tatbiq etila boshlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 44-moddasiga ko‘ra, har bir shaxsga o‘z huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish, davlat organlari, mansabdor shaxslar, jamoat birlashmalarining g‘ayriqonuniy hatti-harakatlari ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlangan. Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksi mazkur sohani tartibga solishda muhim o‘rin tutadi.
Ta’kidlash lozimki, ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolarni ko‘rib chiqishga vakolatli bo‘lgan yangi ma’muriy sud tizimining shakllantirilishi inson huquqlari va qonuniy manfaatlarini samarali himoya qilishni ta’minlashga xizmat qilishi bilan ham fuqarolarda davlatga nisbatan ishonch hissini yanada ortirdi. Ma’muriy sudlarning tashkil etilishi ma’muriy nizolarni ko‘rib chiqishda huquqiy normalarni bir xilda qo‘llanilishi va tatbiq etilishi, ishlarning o‘z vaqtida va sifatli ko‘rilishini ta’minlashga imkoniyat yaratdi.
Bugungi kunda ham islohotlar to‘lqini to‘xtagani yo‘q, balki ma’muriy sudlarni yanada takomillashtirishga, uning vazifalarini, kelib tushayotgan ishlarni ko‘rish doirasi va uni qonuniy hal etish tizimini jahon talablariga javob berishini ta’minlash ustida bir qancha ishlar amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2022 yil 29 yanvarda “Davlat organlari bilan munosabatlarda fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlari huquqlarining samarali himoya etilishini ta’minlash hamda aholining sudlarga bo‘lgan ishonchini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-107-sonli qarori islohotlarning keyingi to‘lqiniga asos bo‘ldi.
Ushbu qarorda ma’muriy sud ishlarini yuritishni “sudning faol ishtiroki” tamoyili asosida amalga oshirish, bunda ma’muriy sudlarga ishning haqiqiy holatlarini aniqlash uchun o‘z tashabbusi bilan dalillarni yig‘ish majburiyatini yuklash, huquqi buzilgan fuqaro yoki tadbirkorlik sub’ektiga esa dalillarni yig‘ishda faqat o‘z imkoniyati doirasida ishtirok etishga sharoit yaratish, shuningdek, huquqi buzilgan fuqaro yoki tadbirkorlik sub’ektiga ommaviy-huquqiy munosabatdan kelib chiqadigan nizo bilan birga unga sababiy bog‘lanishda bo‘lgan zararni undirish talabini ham ma’muriy sudga bildirish huquqini taqdim etish hamda bunday talablarni ko‘rib chiqishni ma’muriy sudlar vakolatiga o‘tkazish kabilar belgilangan.
Bular zamirida fuqarolarga yanada qulaylik yaratish ularning sarson bo‘lishining oldini olish yotadi. Ma’muriy nizo zamirida kelib chiqadigan zarar masalalarining ham aynan ma’muriy sudlarga yuklatilishi ortiqcha ovoragarchilik va behuda vaqt sarflanmasligiga sabab bo‘ladi.
Ma’muriy sudlarning ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ishlar bo‘yicha hal qiluv qarorlari davlat organlari yoki tashkilotlari tomonidan ijro qilinmagan taqdirda, ularning mansabdor shaxslariga nisbatan sud jarimalarini qo‘llash, ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ishlar bo‘yicha taraflar o‘rtasida yarashuvga erishish mexanizmlarini joriy qilish kabi islohotlarning sud tizimiga tatbiq etilishi ular chiqargan hal qiluv qarorlarining ijrosi tez va samarali ta’minlanishiga, shuningdek, yarashuv mexanizmining ham takomillashuviga sabab bo‘ladi.
Jamiyatda ma’muriy sudlarning rolini kuchaytirish, ularni fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining haqiqiy himoyachisiga aylantirish maqsadida taraflarga, ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ishlar bo‘yicha kelishuv bitimini tuzish huquqini berish, davlat organlari yoki tashkilotlari ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ish bo‘yicha hal qiluv qarorini u qonuniy kuchga kirgan kundan boshlab bir oy davomida ijro qilish hamda bu haqda ma’muriy sudga xabar berish, davlat organlari yoki tashkilotlari tomonidan ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ish bo‘yicha sud hujjati ijro qilinmaganligi uchun davlat organlari yoki tashkilotlarining mansabdor shaxslariga nisbatan sud jarimasini qo‘llash, davlat organlari yoki tashkilotlari tomonidan ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ish bo‘yicha hal qiluv qarorining takroran ijro qilinmaganligi uchun davlat organlari yoki tashkilotlarining mansabdor shaxslariga nisbatan dastlab qo‘llanilgan sud jarimasini oshirilgan miqdorda qo‘llash, sudlar tomonidan da’vo arizasi, ariza hamda shikoyatni sudga taalluqli bo‘lmaganligi sababli qabul qilishni rad etish yoki ish bo‘yicha ish yuritishni tugatishni taqiqlash, bunda da’vo arizasi, ariza, shikoyat yoki ishni ularni ko‘rib chiqishga vakolatli sudga o‘tkazish kabilar belgilangan.
Shuningdek, ma’muriy sudning qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarorida aniqlangan holatlar boshqa ishni ko‘rayotgan fuqarolik ishlari bo‘yicha sud uchun majburiy hisoblanishini belgilangan bo‘lib, bir sud ishi doirasida ba’zilari ma’muriy sudga, boshqalari esa fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga taalluqli bo‘lgan bir nechta talabni birlashtirishni taqiqlash amalda tatbiq etiladi.
Ma’muriy sudlar butun dunyoda davlat boshqaruvi organlari faoliyati bilan bog‘liq holda yuzaga keladigan nizolarni hal etish, mansabdor shaxslarning xatti-harakatlari va qabul qilgan qarorlari qonuniyligi ustidan sud nazoratini ta’minlashning eng demokratik mexanizmi hisoblanadi. Hozirgi kunda tashkil etilgan ma’muriy sudlarning faoliyat yuritishi jahon amaliyotiga to‘liq mos keladi. Aynan ma’muriy sudlar rivojlangan mamlakatlar hisoblangan Italiya, Fransiya, Germaniya davlatlarida ham ma’muriy sudlar faoliyati shu asnoda tashkil etilgan va samarali faoliyat yuritmoqda.
Xulosa o‘rnida shu ta’kidlash lozimki, ma’muriy sudlarning tashkil etilishi mamlakatimizda davlat boshqaruvi tizimini demokratlashtirish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning muhim tarkibiy qismi hisoblanib, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini sud orqali ishonchli himoyalanishiga mustahkam konstitusiyaviy mexanizm hisoblanadi.
Oliy sud sudyasi, I.Alimov
Oliy sud katta konsultanti, A.Omonov
