Malayziya aviakompaniyasi Toshkent shahriga haftasiga ikki marta havo qatnovlarini amalga oshirishni boshladi

Malayziya aviakompaniyasi Toshkent shahriga haftasiga ikki marta havo qatnovlarini amalga oshirishni boshladi

Malayziyaning "Batik Air" aviakompaniyasi shu yil kechadan e’tiboran Kuala-Lumpur–Toshkent–Kuala-Lumpur yo‘nalishida haftasiga ikki marotaba muntazam havo qatnovlarini yo‘lga qo‘ydi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA.

Parvozlar "Boeing 737 max 8" va keng fyuzelyajli "Airbus A330" rusumli samolyotlarda dushanba va juma kunlari amalga oshiriladi.

Shuningdek, Toshkent va Kuala-Lumpur o‘rtasidagi parvozlar "Uzbekistan Airways" tomonidan ham haftasiga 2 marta amalga oshirib kelinmoqda.

Mutaxassislarning fikricha, ikki mamlakat o‘rtasida aviaqatnovlar sonining ko‘payishi ishbilarmon doira vakillari o‘rtasidagi aloqalarni faollashtirish va sayyohlar oqimini yanada ko‘paytirishga xizmat qiladi.

Eslatib o‘tamiz, Malayziyaning yetakchi aviatashuvchilarining respublikamizga parvozlarini tashkil etish, ziyorat turizmi salohiyatini keng targ‘ib qilish va malayziyalik sayyohlar oqimini ko‘paytirish maqsadida O‘zbekistonning Kuala-Lumpurdagi elchixonasi ko‘magida mamlakatimiz fuqaro aviasiyasi ma’muriyati va "Batik Air Malaysia" kompaniyasi rahbariyati o‘rtasida qator muzokara va maslahatlashuvlar tashkil etilgan edi. Malayziya aviakompaniyasining O‘zbekistonga ilk aviaqatnovi 2023 yil 15 dekabr kuni yo‘lga qo‘yilgan edi.

"Batik Air Malaysia" ("Malindo Airways Sdn Bhd") 2012 yilda Malayziya va Indoneziya o‘rtasidagi hamkorlik doirasida tashkil etilgan. Bosh qarorgohi Petalingjayada joylashgan. Hozirda kompaniya Osiyo qit’asining 50 dan ortiq yo‘nalishiga, jumladan Avstraliya, Bangladesh, Janubiy Koreya, Indoneziya, Pokiston, Singapur, Tailand, Xitoy, Yaponiya, Hindistonga reyslarni amalga oshiradi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!