Makkada namozxonlar uchun ijtimoiy masofa bekor qilindi

Makkada namozxonlar uchun ijtimoiy masofa bekor qilindi

Arabistonining Makka shahrida joylashgan dunyodagi eng yirik masjid — Al-Haromda 17 oktyabr, yakshanba kuni pandemiya boshidan buyon birinchi marta ijtimoiy masofa choralariga rioya qilmagan holda namoz o‘qildi. Bu haqda «Interfaks» xabar bermoqda.

G‘arb OAVlari yozishicha, Al-Harom ishchilari to‘la-to‘kis ibodatlarni qayta tiklash haqidagi qarorga muvofiq, masjid polida ijtimoiy masofa saqlashga yordam beradigan maxsus stikerlarni olib tashlagan.

Matbuotda tarqalgan video va fototasvirlarga qaraganda, 17 oktyabr kuni masjid namoz o‘quvchilar bilan maksimal darajada to‘lgan. Saudiya OAVlari qayd etishicha, endi choralar bekor qilinganidan keyin Makka Umra safari uchun keladigan chet elliklarni qabul qiladi.

Shu bilan birga, OAVlar Saudiya Arabistoni hukumatiga tayanib ta’kidlashicha, masjidga keluvchilar COVID-19 ga qarshi to‘liq emlangan bo‘lishi va uning hududida niqob taqishi shart. Bundan tashqari, tashrif buyuruvchilar uchun Ka’baga kirish hamon cheklangan holda qolmoqda.

Saudiya Arabistoni so‘nggi oylarda asta-sekinlik bilan normal hayotga qaytmoqda. 1 avgustdan qirollik koronavirusga qarshi to‘liq emlangan sayyohlarni qabul qila boshladi. Shuningdek, 17 oktyabrdan emlangan sport muxlislari mamlakatning barcha o‘yingohlarida va boshqa sport ob’ektlarida sport tadbirlariga kirishi mumkin.

Avvalroq Saudiya Arabistoni hukumati chet elliklar kichik haj — Umra ziyoratini amalga oshirish uchun 10 avgustdan qirollikka kirishi mumkinligini e’lon qilgan edi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!