Ko‘z kasalliklarining qanday turi aholi orasida ko‘p uchraydi?
Respublika ko‘z kasalliklari klinik shifoxonasi bosh shifokori Otabek Ikromov bilan suhbat (2-qism).
– Hozirda ko‘z kasalliklarining qaysi turlari aholi orasida ko‘proq uchramoqda va buning sababi nimada?
– Hozirgi vaqtda allergik va virusli kon’yunktivitlar hamda kompyuter sindromi kabi ko‘z kasalliklari ko‘paygan. Aksariyat hollarda ushbu kasalliklarga gigiyena qoidalariga rioya qilmaslik, dori vositalarini shifokor maslahatisiz uy sharoitida qabul qilish hamda o‘z vaqtida shifokorga murojaat etmaslik oqibatida kelib chiqadi.
Jumladan, dori vositalarining noto‘g‘ri ishlatilishi allergik asoratlarga olib kelishi va kasallikni og‘irlashtirishi mumkin. Masofaviy ish ko‘payishi natijasida kompyuterda uzoq vaqt ishlash ham ko‘rish o‘tkirligiga zarar yetkazishi mumkin.
Bunday holatlarning oldini olish uchun ko‘z mashqlarini muntazam qilib borish, kompyuterda ishlaganda har 20 daqiqada 20 soniyaga uzoqqa qarab ko‘zlarga dam berish lozim bo‘ladi.
– Odamlar orasida keng tarqalgan ko‘z kasalliklaridan qanday saqlanish mumkin?
– Aholi orasida keng tarqalgan va og‘ir asoratlarga olib keladigan ko‘z kasalliklarining oldini olish uchun, albatta, yiliga bir marta tibbiy tekshiruvdan o‘tib turish kerak.
Naslida ko‘z kasalliklari mavjud bo‘lgan insonlar esa 35 yoshdan so‘ng yiliga 2 marotaba ko‘zlarini tekshirtirib turishi talab etiladi. Shundagina kasalliklarni erta aniqlash va samarali davolash mumkin.
Misol uchun, yoshligida glaukoma kasalligi boshlanishi bilan shifoxonamizga murojaat etgan, hozirda o‘z farzand va nabiralarini ham tekshiruvga birga olib keladigan, ko‘rish o‘tkirligi yaxshi saqlangan bemorlarimiz bor. Va aksincha, ko‘rish o‘tkirligi ancha pasayganda murojaat etgan bemorlar ham bor. Ularda ko‘rish nervi qaytarib bo‘lmas o‘zgarishlarga uchragan. Afsuski, bunday og‘ir holatlar kam emas. Shu bois, ko‘rish o‘tkirligi pasayishini kutmasdan o‘z sog‘lig‘ingizga yoshlikdan e’tiborli bo‘lishingizni tavsiya qilamiz.
– Ko‘z kasalliklari ko‘proq qanday omillarga bog‘liq? Ko‘z xastaliklariga chalinmaslik uchun nimalarga e’tibor berish lozim?
– Ko‘z kasalliklari ichida naslga, yoshga, jinsiga bog‘liq bo‘lganlari ham, bog‘liq bo‘lmaganlari ham mavjud. Misol uchun, miopiya yoki glaukomada nasliy faktor muhim ahamiyatga ega. Infeksion ko‘z kasalliklarining esa naslga bog‘liqlik joyi yo‘q.
Ko‘z kasalliklaridan saqlanish uchun, avvalo, gigiyena qoidalariga qat’iy amal qilish hamda hozirgi axborot texnologiyalari davrida urfga aylangan smartfon, planshet hamda kompyuter vositalaridan foydalanishda me’yorga rioya etish lozim. Shuningdek, o‘z vaqtida ko‘zlarni tekshirtirib turish hamda dori vositalarini o‘z bilganicha emas, faqatgina shifokor tavsiyasi bo‘yicha foydalanish tavsiya etiladi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi.
