Koxlear implantasiya (Tug‘ma karlik) besh yoshgacha bo‘lgan bemor bolalarda o‘tkaziladi
📊 JSST tahliliga ko‘ra, Yer yuzi aholisining 5 foizdan ortig‘i, ya’ni 430 million kishi eshitish qobiliyati yo‘qolishi bilan bog‘liq muammodan aziyat chekmoqda. Yanada achinarlisi, ularning 34 million nafari — bolalar.
🧠 Tug‘ma karlik nuqsoni bilan dunyoga kelganlar soni esa qariyb 26 million nafarga teng. Bunday tashxis qo‘yilgan o‘g‘il-qizlar miyasi, afsuski, normal rivojlana olmaydi.
📌 Ammo zamonaviy tibbiyotda buning yechimi topilgan. Xususan, yurtimizda ham mazkur nuqsonni bartaraf etishda koxlear implantlaridan samarali foydalanilyapti.
💬 — Tug‘ma karlik chaqaloq dunyoga kelgan paytdan eshitish qobiliyatining qisman zaiflashuvi yoki to‘liq yo‘qolishi bilan namoyon bo‘ladi, — deydi Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi audiolog shifokori Maxsud Mahmudov. — Bu genetik omillar, homiladorlik davridagi turli infeksiyalar, muddatidan avval yoki kam vaznli tug‘ilish, kislorod yetishmovchiligi, qolaversa, noto‘g‘ri qo‘llanilgan dori-darmonlar asoratlari bilan bog‘liq.
🔬 Shu bois mamlakatimizda chaqaloq tug‘ilgach, 3-kuni unda audioskrining o‘tkazish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan. Bu jarayonda eshitish faoliyati buzilishiga shubha tug‘ilsa va mazkur holat viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlarida tasdiqlansa, chaqaloq Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga yo‘llanma bilan yuboriladi.
👶 Tibbiy amaliyotda eshitishni korreksiya qilish 6 oylikkacha amalga oshirilishi tavsiya etiladi. Aks holda, bola nutqi rivojlanishi sezilarli darajada kechikadi.
🏥 Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida 3 oydan 6 oylikkacha bo‘lgan bunday jajji bemorlarning quloqlariga raqamli eshitish moslamalari taqib qo‘yiladi.
🏵 9 oylikdan 1 yoshgacha bo‘lgan davrda bola eshitish moslamalari bilan ta’minlangan holda koxlear implantasiya uchun tayyorlanadi.
👂 Bu turdagi operasiyalar ikki tomonlama sensonerval eshitish zaifligining 3 va 4-darajalari qayd etilgan yoki karlik mavjud bo‘lgan o‘g‘il-qizlarning eshitish qobiliyatini ichki quloqqa stimul berish orqali tiklash maqsadida o‘tkaziladi. Amaliyot bola 5 yoshga to‘lgunga qadar bajarilganda, ko‘proq ijobiy natija beradi.
📆 Koxlear implantasiya operasiyasi o‘tkazilgan kundan boshlab to‘rt hafta ichida bemor nutq prosessorini ishga tushirish uchun markazga olib kelinadi. Bu qurilma muassasaning audiolog mutaxassislari tomonidan ishga tushiriladi.
‼️ Eslatib o‘tamiz, amaliyot bajarilgan bolalarda 7 yildan so‘ng eshitish prosessori davlat mablag‘lari hisobidan almashtirib beriladi.
