«Kosmik faoliyat to‘g‘risida»gi Qonun muhokama qilindi
Oliy Majlis Senatining navbatdagi yalpi majlisida «Kosmik faoliyat to‘g‘risida»gi Qonun ko‘rib chiqildi.
Qonunda kosmik faoliyatga oid asosiy tushunchalar va prinsiplar, faoliyatni amalga oshirishning maqsadlari, kosmik faoliyat sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari nazarda tutilgan.
Qonun bilan Vazirlar Mahkamasi, Raqamli texnologiyalar vazirligi va uning huzuridagi Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi hamda Mudofaa vazirligining kosmik faoliyat sohasidagi vakolatlari belgilanmoqda.
Shuningdek, kosmik sohada ilmiy tadqiqotlar olib borish, kosmik tizimlarning turlari ya’ni yerni masofadan zondlash, davlat kosmik monitoringi, kosmik aloqa tizimi, yuqori aniqlikdagi sun’iy yo‘ldosh navigasiya tizimi, kosmik raketa komplekslaridan (kosmodromlardan) foydalanish, kosmik ob’ektlarni tamg‘alash, ijaraga berish, kosmik ob’ektlarni va texnika vositalarini utilizasiya qilish, kosmik infratuzilma va faoliyat xavfsizligi, faoliyatni moliyalashtirish asoslari hamda xalqaro hamkorlik masalalari nazarda tutilmoqda.
Qonunda ilm-fan, ijtimoiy-iqtisodiy, ekologiya, mudofaa, xavfsizlik va boshqa sohalarga oid maqsadlarga erishish uchun kosmik texnologiyalar vositasida kosmik fazoni va Yerni tadqiq etish hamda ulardan foydalanish, shuningdek, kosmik faoliyatning atrof-muhit, tabiiy resurslar va aholi sog‘lig‘iga ta’sirini nazorat qilish kabi masalalarga alohida e’tibor berilgan.
Qonunda kosmik faoliyat sohasidagi strategik yo‘nalishlar hamda davlat dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish, iqtisodiyot tarmoqlaridagi qonunchilik buzilishi hollarini kosmik suratlarga ishlov berish orqali aniqlashga ko‘maklashish davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan biri ekanligi nazarda tutilgan.
Senatorlar tomonidan ta’kidlanganidek, qonunning qabul qilinishi natijasida kosmik faoliyat sohasi tartibga solinib, mas’ul organlar, ularning vakolatlari va vazifalarini aniq belgilanadi, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xatarlarni oldini olish, atrof-muhitni muhofaza qilish, mudofaa va xavfsizlikni ta’minlashda kosmik faoliyatni amalga oshirishning huquqiy kafolati yaratiladi.
Shu bilan birga, bu mamlakatimizda barcha sohalarda, jumladan, yer munosabatlari, geologiya, seysmik xavfsizlik, transport, qishloq, o‘rmon, suv va yo‘l xo‘jaligi sohalarida muvaffaqiyatli faoliyat yuritish imkonini beradi.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.