Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha O‘zbekiston va Shvesiya hamkorligi yo‘lga qo‘yiladi
Korrupsiyaga qarshi kurashishda xalqaro hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish muhim hisoblanadi. Shu boisdan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan xorijiy davlat va tashkilotlar vakillari bilan uchrashuvlar tashkil etilmoqda. Jumladan, joriy yilning 22 yanvar kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi rahbariyati hamda Shvesiya qirolligining Favqulodda va muxtor elchisi (qarorgohi Stokgolm shahrida) Ingrid Tersman bilan onlayn muloqot bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Shvesiya va O‘zbekiston vakolatli organlari o‘rtasida o‘zaro tajriba almashish, korrupsiyaga qarshi kurashishda ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish, strategik va dasturiy hujjatlar ishlab chiqishda hamda qonun ijodkorligi jarayonlarida ekspertlik ko‘magini tashkil etish kabi masalalar muhokama qilindi.
Yig‘ilishda Agentlik direktori Akmal Burxanov O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida bir qator muhim islohotlar amalga oshirilgani, xususan, o‘tgan yilda sohaga oid muhim tashkiliy, dasturiy hujjatlar qabul qilinib, alohida mustaqil idora tashkil etilganini qayd etdi. Shuningdek, Agentlik oldida turgan muhim vazifalar, hamkorlik istiqbollari to‘g‘risida ma’lumot berdi.
O‘z navbatida Shvesiya elchisi O‘zbekistondagi so‘nggi o‘zgarishlar barcha sohalarda ijobiy natijalar ko‘rsatayotganini e’tirof etgan holda, ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga o‘z hissasini qo‘shishdan mamnun ekanligini ma’lum qildi. Xususan, Shvesiyaning mazkur yo‘nalishdagi tuzilmalari, aql markazlari bilan keng qamrovli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishda o‘z yordamini ko‘rsatishga tayyorligini bildirib o‘tdi.
Uchrashuvda hamkorlikka oid boshqa masalalar ham muhokama qilindi.
Ma’lumot uchun: Shvesiya Transparency International xalqaro tashkilotining korrupsiyani qabul qilish indeksi bo‘yicha 180 mamlakat orasida 4-o‘rinda turadi.
Shvesiya qonunchiligi pora olishni davlat sektoridagi pora va xususiy sektordagi pora sifatida ajratadi. Shvesiyada davlat sektoridagi poraxo‘rlik og‘irroq jinoyat hisoblanadi.
Shvesiyadagi korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar uchun sanksiyalar og‘ir emas. Ushbu sanksiyalar dunyoning ko‘plab nufuzli mamlakatlaridagi jinoyat qonunchiligidan ancha yengil hisoblanadi. Shvesiya davlat boshqaruvidagi korrupsiyaga qarshi kurashning muvaffaqiyati shved jamiyatining ta’limidir.
Shvesiyada jamoatchilik nazorati korrupsiyaga qarshi kurashda muhim rol o‘ynaydi. Bunda ommaviy axborot vositalarining xam o‘rni katta, chunki ular shaxsning mavqeidan qat’iy nazar, darhol korrupsiyaning barcha holatlarini oshkor qilishadi.
Shvesiyada korrupsiyaga qarshi eng nufuzli jamoat birlashmasi Shvesiyaning Korrupsiyaga qarshi kurash institutidir. Institut 1923 yilda tashkil etilgan.
2003 yilda Shvesiya prokuraturasida korrupsiyaga qarshi kurashish milliy tarmog‘i tashkil etildi va 2012 yilda korrupsiyaga qarshi kurashish milliy polisiya tarmog‘i tashkil etildi. Korrupsiyaga qarshi kurashda Shvesiya fuqarolari hamda korrupsiya haqida ma’lumot beruvchi ommaviy axborot vositalari muhim o‘ringa ega.