Koronavirusga qarshi vaksina kimlar uchun foydasizligi ma’lum bo‘ldi

A A A
Koronavirusga qarshi vaksina kimlar uchun foydasizligi ma’lum bo‘ldi

Koronavirusga qarshi vaksina qabul qilinganidan keyin paydo bo‘ladigan antitanalar keksa, spirtli ichimlik ichuvchi, ruhiy bosimga tushgan va yallig‘lanishga qarshi dori qabul qiladigan kishilarda yaxshi shakllanmaydi. Bu haqda Rossiyaning Gamaleya ilmiy markazi direktori Aleksandr Ginsburg ma’lum qildi, deb yozmoqda «Interfaks».

Markaz rahbarining ma’lum qilishicha, vaksina yuborilganidan keyin kimdadir ko‘proq, kimdadir kamroq antitana paydo bo‘ladi. Keksa kishilarning immun tizimi yoshlarnikiga qaraganda sust bo‘lib, fermentlar yomon ishlaydi, antitanalar ishlab chiqarilishi yaxshi bo‘lmaydi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, spirtli ichimliklarni ko‘p iste’mol qiladigan kishilarda ham antitanalarni ishlab chiqarish yomon kechadi. Spirtli ichimliklar har qanday ko‘payayotgan hujayra uchun zaharli hisoblanadi. Doimiy ravishda kam miqdorda bo‘lsa ham spirtli ichimlik ichadigan kishilarning immun tizimi ham yomon ishlaydi.

Ginsburgning aytishicha, og‘ir yoki doimiy ruhiy bosim ham antitanalar shakllanishiga imkon bermaydi. Shuningdek, yallig‘lanishga qarshi dori qabul qiluvchi kishilarda ham ularning shakllanishi qiyin kechadi.

Uning ta’kidlashicha, mazkur guruhlarga kiruvchi kishilarning immun tizimi har qanday vaksinaga nisbatan sekin ta’sirni namoyon qiladi, ularda boshqa kasalliklarga qarshi antitanalar ham kamroq shakllanadi.

Eslatib o‘tamiz, Rossiyada patentlangan va ro‘yxatga olingan COVID-19’ga qarshi birinchi vaksina Gamaleya nomidagi epidemiologiya va mikrobiologiya markazi tomonidan yaratilgan «Sputnik-V» vaksinasi hisoblanadi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!