Konstitusiyaning 28-moddasi: azaliy muammoga barham berilgani kafolati

Konstitusiyaning 28-moddasi: azaliy muammoga barham berilgani kafolati

“Propiska” muammosi uzoq yillar davomida qanchadan-qancha yurtdoshlarimizning mamlakat hududida erkin harakatlanishi, poytaxtda yashab ishlashi, o‘qishi, tibbiy ko‘rikdan o‘tishida to‘siq bo‘lib kelgan. “Vaqtinchalik propiska”si tugab qolgani uchun ijarada turgan xonadoni va hatto o‘qishdan haydalishgacha borgan, oliy ma’lumoti bo‘la turib, u yoki bu davlat tashkilotida ishlay olmagan tanishlarim ko‘p edi. Ikki yil oldin Sobiq Ittifoq davridan qolgan ushbu eskicha tartibga butunlay barham berildi.

“Doimiy propiska qilish hamda turgan joyi bo‘yicha hisobga olish tartibini isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoniga ko‘ra, «doimiy propiska qilish» va «turgan joyi bo‘yicha hisobga olish» tushunchalarini «doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish» va «vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish» tushunchalariga o‘zgartirish taklifi ma’qullandi. Fuqarolarga birinchi va ikkinchi darajadagi qarindoshlarini doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatda bo‘lgan manzil bilan bir qatorda egaligida bo‘lgan uy-joy maydoniga doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga qo‘yish imkoniyatini yaratish; doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga qo‘yish uchun er-xotinning nikohdan keyin bir yil davomida birgalikda yashash sharti hamda bir yil ichida nikoh bekor qilingan taqdirda doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olinishi yo‘qotilishi to‘g‘risidagi qoidani olib tashlash kabilar belgilandi.

Asosiysi, Toshkent shahri va Toshkent viloyatida joylashgan davlat organlari va tashkilotlarida 5 yil muddat mobaynida uzluksiz mehnat faoliyatini olib borgan mutaxassislar (texnik, xizmat ko‘rsatuvchi va ishlab chiqarish xodimlaridan tashqari) mazkur hududlarda doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olinish huquqiga ega bo‘ldi.

Toshkent shahri va viloyatidan ko‘chmas mulk sotib olmoqchi bo‘lgan fuqaroning ushbu hududlarda doimiy propiskada turishi, shuningdek yangi yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olishda avvalgi doimiy yashash joyidan ro‘yxatdan chiqish tartibi talabi bekor qilindi.

Doimiy yashash va vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tmasdan istiqomat qilish muddati 15 kun, doimiy yashash va vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olishni rasmiylashtirish 1 kun ichida amalga oshirish tartibi joriy etildi.

Vaqtincha yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish muddati 1 yil etib belgilandi.

O‘zbekiston fuqarolari va mamlakat hududida bo‘lib turgan chet el fuqarolariga yengillik yaratish maqsadida amalga oshirilgan mazkur islohotlar endilikda Konstitusiyada ham belgilanishi kutilmoqda.

Ya’ni, 28-moddaga binoan, O‘zbekiston Respublikasi hududida qonuniy asoslarda bo‘lib turgan har bir shaxs respublika hududi bo‘ylab erkin harakatlanish, turar va yashash joyini erkin tanlash huquqiga ega bo‘ladi. Mazkur o‘zgartish nafaqat O‘zbekiston fuqarolari, balki xorij fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning huquq hamda erkinliklari, shaxsiy hayot daxlsizligi Konstitusiya darajasida mustahkamlanganini anglatadi. Avvalgidek, metroga ham pasportni olib tushishga ehtiyoj qoldirmaydi, tibbiyot muassasalari eshigi oldida javdirab turishlarga chek qo‘yadi. Inson huquqlari oliy qadriyat darajasiga olib chiqilgan mamlakatda shunday bo‘lishi ham kerak, aslida.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!