JSST tomonidan meningitni tashxislash va davolash bo‘yicha yo‘riqnoma e’lon qilindi

🧠 Meningit — bosh va orqa miyaning yallig‘lanishi hamda umumiy intoksikasiya belgilari bilan kechadigan o‘ta yuqumli kasallik.
📌 Hozirgacha uning ba’zi turlariga nisbatan samarali davo choralari, tashxis usullari va vaksinalar yaratilganiga qaramay, hamon bu patologiya insonlar salomatligi uchun jiddiy xavf bo‘lib qolmoqda.
🖥 Shundan kelib chiqib, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti meningitni tashxislash, davolash va unga chalingan bemorlarni parvarishlash bo‘yicha ilk global ko‘rsatmalarini e’lon qildi.
💬 Qayd etilishicha, 2019 yili dunyo bo‘yicha bu xastalikka chalingan 2,5 million nafar bemor ro‘yxatga olingan. Ulardan 1,6 million nafarida kasallikning eng xavfli turi — 24 soat ichida o‘limga olib keluvchi bakterial meningit aniqlangan. Oqibatda 240 ming kishi hayotdan ko‘z yumgan.
✅ JSSTning yangi ko‘rsatmalari eng so‘nggi tadqiqot va dalillarga asoslangan. Qo‘llanma ushbu kasallik bilan bog‘liq o‘lim holatlari hamda nogironlikni kamaytirishga doir muhim tavsiyalarni o‘z ichiga oladi.
➡️ Tashkilot bosh direktori doktor Tedros Gebreyesusning ta’kidlashicha, bakterial meningitni yuqtirgan har olti bemordan biri halok bo‘layotgani achinarli. Omon qolgan aksariyat kishilar ham uzoq muddat kasallikning og‘ir asoratlaridan aziyat chekadi.
‼️ Yangi yo‘riqnoma meningitni yuqtirgan bir oylikdan oshgan bolalar, o‘smirlar va kattalarni klinik davolashga qaratilgan.
🔎 Tavsiyalar tibbiy yordamning barcha jabhalarini qamrab oladi. U birlamchi va ikkilamchi tibbiyot muassasalari, jumladan, shoshilinch, stasionar va ambulatoriya yordamini ko‘rsatuvchi mutaxassislar uchun mo‘ljallangan.
🟣 Yo‘riqnoma JSSTga a’zo davlatlar tomonidan qabul qilingan 2030 yilgacha meningitga barham berishga doir harakatlar rejasi maqsadlariga mosdir.
📉 U orqali bakterial meningit epidemiyasini bartaraf etish, xuusan, emlash orqali kasallanish ko‘rsatkichini 50 foizga va o‘lim holatlarini 70 foizga kamaytirish ko‘zda tutilgan.