JSST: Sigaret tutuni har to‘rt soniyada bir kishining hayotiga nuqta qo‘ymoqda

JSST: Sigaret tutuni har to‘rt soniyada bir kishining hayotiga nuqta qo‘ymoqda

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti keyingi paytlarda sayyoramiz aholisini bejiz kashandalik oqibatlaridan takror-takror ogoh etayotgani yo‘q.

Chunki hozir Yer yuzida yashovchi 8 milliard odamning 1 milliard nafardan ziyodi — tamaki iste’mol qiluvchilar. Ular chekayotgan yillik sigaret miqdori 5 trillion donadan ortadi.

Aslida bu — kamayish tendensiyasi. Chunki 2000 yilda o‘n besh va undan katta yoshdagi dunyo aholisining uchdan bir qismi chekuvchi qatlamni tashkil etgan. Hukumatlar tomonidan ko‘rilgan cheklov choralari, tamaki mahsulotlariga joriy etilgan yuqori soliqlar tufayli mazkur ko‘rsatkich beshdan bir qismga ozaydi.

Ammo hozirgi statistika ham o‘ta xavotirli. JSST ma’lumotlariga ko‘ra, ayni paytda eng ko‘p chekuvchilar Xitoyda yashaydi: 1,4 milliard odamdan deyarli 300 million nafari tamaki mahsulotlari iste’mol qiladi.

Aholi soniga nisbatan chekuvchilar ulushi borasida eng yuqori foizga ega mamlakat Indoneziyadir. Bu yerda 15 va undan katta yoshdagilarning 62,7 foizi tamaki tutuniga tutqin insonlar. Umuman, bugun jahon bo‘ylab chekuvchilarning 80 foizi past va o‘rta daromadli davlatlar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

Vaholanki, kashandalik oldini olish mumkin bo‘lgan o‘lim holatlarining birinchi sababi. Dunyoda har 4 soniyada bir kishi chekish oqibatida hayotdan ko‘z yummoqda.

"Nature" ilmiy nashrida chop etilgan tadqiqotda yozilishicha, XX asrda 100 millionga yaqin odam bu illat qurboniga aylangan. Mazkur raqamlar o‘sha mudhish Ikkinchi Jahon urushi paytida vafot etganlar sonidan ham birmuncha ziyod.

XXI asrning birinchi yarmida chekish tufayli yana 450 million odam o‘lishi taxmin qilinyapti. Buning eng keng tarqalgan sabablari saraton, yurak xuruji, insult va surunkali obstruktiv o‘pka kasalliklaridir.

Qolaversa, sigaretning atrof-muhitga ham ziyoni katta. Ularni ishlab chiqarish va iste’mol qilish yiliga 84 million tonna karbonat angidrid (CO2) hosil bo‘lishiga olib keladi.

Bundan tashqari, har yili 1 million tonnaga yaqin sigaret qoldiqlari tashlab yuboriladi va ularning filtrlari biologik parchalanmaydi. Shuningdek, tamaki yetishtirish yiliga 22 milliard tonna suv sarfiga, sigaret ishlab chiqarish esa 25 million tonna chiqindi hosil qilinishiga sabab bo‘ladi.

‼️ Shu bois, dunyo afkor ommasi bu illatdan xalos bo‘lishning eng oqilona yo‘li bitta, degan xulosada. Chekishni tashlash!


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!