Jizzaxda ayol shifokorning aybi bilan bachadonidan ayrildi. Shifokor jazolandi

Jizzaxda ayol shifokorning aybi bilan bachadonidan ayrildi. Shifokor jazolandi

Safiyev Botir Tolipovich (ism-sharifi o‘zgartirilgan) Baxmal tumani tibbiiyot birlashmasiga qarashli tug‘ruq bo‘limi mudiri lavozimida ishlab kelib, egallab turgan lavozimi va kasbiga ko‘ra homilador ayollarga malakali tibbiy yordam ko‘rsatilishini ta’minlashga mas’ul bo‘la turib, o‘z kasbiga nisbatan beparvoligi hamda insofsizlik bilan munosabatda bo‘lishi tufayli Kamalova Oysara Norboy qizi 2021 yil 21 iyun kuni Baxmal tuman tibbiyot birlashmasi tug‘ruq kompleksiga murojaat qilib kelgan vaqtida amaldagi milliy standartlar bo‘yicha to‘liq tekshiruvlardan o‘tkazilib, chuqurlashtirilgan ko‘riklardan, tibbiy muassasada qorin bo‘shlig‘i a’zolarini operasiyagacha va operasiyadan keyin ultratovush tekshiruvi va EKGdan, siydikni solishtirma og‘irligi va qonda trombasitlar miqdori, umumiy qon tahlili tekshirilmasdan, 2021 yil 21 iyun kuni O.Kamalovada kesarcha-kesish jarrohlik amaliyotini o‘tkazgan.

Shundan so‘ng, B.Safiyev jarrohlik amaliyotidan keyingi davrda O.Kamalovada yuqori turuvchi muassasalar xodimlari tomonidan tekshiruvdan o‘tkazilib, konsiliumlar tashkillashtirmasdan, uni operasiyadan keyingi davrda doimiy kuzatuvga olmasdan, operasiyadan O.Kamalovaga milliy standartlar bo‘yicha antibakteril, infuzion, simptomatik va individual davolash choralarini ko‘rishi lozim bo‘lsada, ushbu davolash tadbirlarini bajarmasdan uyiga javob berib yuborganligi oqibatida O.Kamalova 2021 yil 08 iyul kuni Baxmal tumani tibbiyot birlashmasiga qarashli tug‘ruq majmuasi ginekologiya bo‘limiga sog‘ligi yomonlashganligi tufayli qayta murojaat qilib kelganida unga “Chilla davri” Metroendometrit tashxisi qo‘yilib yotqizilgan va davo muolajalari samarasiz bo‘lganligi hamda sog‘lig‘i og‘irlashganligi tufayli, Jizzax viloyati perinatal markaziga, tibbiyot xodimlarining nazoratisiz yo‘llanma asosida yuborgan.

O‘z navbatida, O.Kamalova Jizzax viloyati perinatal markaziga 2021 yil 10 iyun kuni yotqizilib, klinik-labarator tekshiruvlardan o‘tkazilib, chilla davri 19-kun, kesar-kesish operasiyasidan keyingi holat, metroendometrit, sepsis, pelvioperitonit, surinkali kamqonlik o‘rta og‘ir daraja tashxisi bilan va hayotiy ko‘rsatmaga asosan “Quyi o‘rta laporotomiya, bachadon ekstrpasiyasi ortiqlarisiz, ichaklar bitishmasini o‘tmas yo‘l bilan ochish, ichaklar orasidagi va qorin bo‘shlig‘ini ko‘plab abssesslarini ochish va sanasiyasi, ichaklarni nazoenteral intubasiyasi, qorin va kichik chanoq bo‘shlig‘ini drenajlash” operasiyasi o‘tkazilib, uning bachadoni olib tashlangan.

Sud majlisida B.Safiyev aybi iqrorlik bildirmasdan ko‘rsatuv bergan bo‘lsada, uning aybi jabrlanuvchi O.Kamalova hamda guvohlarning ko‘rsatuvlari, jabrlanuvchi O.Kamalovaning arizasi, tushuntirish xatlari, so‘roq bayonnomalari, komission sud-tibbiy ekspertiza xulosasi, homilador ayolning shaxsiy varaqasi, tug‘ruq tibbiy kartasi, operasiya bayonnomasi, O.Kamalovaning tibbiy bayonnomalari, kasallik tarixi hujjatlari, shuningdek jinoyat ishida to‘plangan va sudda tekshirilgan boshqa dalillar bilan isbotlangan.

Sud tomonidan B.Safiyevga O‘zbekiston Respublikasi JK 116-moddasining 1-qismi bilan JKning 60, 61-moddalari tartibida 2 yilga sog‘liqni saqlash tizimida mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda, shuningdek shifokorlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum etilgan holda har oylik ish haqining 20%ni davlat daromadi hisobiga ushlab qolingan holda 2 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.

Mazkur jinoyat ishi Jizzax viloyat sudi apellyasiya instansiyasida ko‘rilib, B.Safiyevga nisbatan chiqarilgan hukm o‘zgarishsiz qoldirildi.

Shuhrat Xudoyorov,

Jizzax viloyat sudining sudyasi


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!