Jismoniy tarbiya fani o‘qituvchilari malaka toifasini olish uchun endi test topshirmaydi
Bu haqda Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi axborot xizmati xabar berdi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar pedagog kadrlari uchun malaka (test) sinovlari o‘tkazish jadvali e’lon qilingach, ayrim o‘qituvchilar nima uchun jismoniy tarbiya fani ro‘yxatda yo‘qligini so‘rab murojaat qilishmoqda.
Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 20 fevraldagi 106-son qarori bilan yuqori mehnat samaradorligiga erishayotgan jismoniy tarbiya fani o‘qituvchilarini munosib rag‘batlantirishni tashkil etish maqsadida bir qator qarorlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan.
Jumladan, Maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar va maktabdan tashqari davlat ta’lim muassasalari pedagog kadrlarini attestasiyadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra, ta’lim muassasalarining quyidagi jismoniy tarbiya fani o‘qituvchilariga malaka toifasi (lavozim) to‘g‘ridan-to‘g‘ri (attestasiyadan o‘tkazilmasdan) beriladi:
– tuman (shahar) miqyosidagi sport musobaqalarining 1-o‘rin sovrindorlarini tayyorlaganlarga – ikkinchi malaka toifasi (katta o‘qituvchi lavozimi);
-viloyat miqyosidagi sport musobaqalarining 1-o‘rin sovrindorlarini tayyorlaganlarga – birinchi malaka toifasi (etakchi o‘qituvchi lavozimi);
-xalqaro hamda respublika miqyosidagi sport musobaqalarining 1, 2 va 3-o‘rin sovrindorlarini tayyorlaganlarga – oliy malaka toifasi (bosh o‘qituvchi lavozimi).
Shuningdek, ushbu qarorda jismoniy tarbiya fani o‘qituvchilari uchun malaka sinovlari (test sinovlari) o‘rniga nazariy va amaliy sinovlarini o‘tkazish belgilangan.
Pedagog kadrlarning attestasiya natijalarini baholash mezonlariga ko‘ra nazariy sinov 4 ta savoldan iborat bo‘ladi, har bir savolga berilgan javobdan kelib chiqib baholanadi –– nazariy sinov 40 ballgacha (har bir savol uchun 10 ball);
amaliy sinov 4 ta jismoniy mashqdan (100 metrga yugurish, joyidan turib uzunlikka sakrash, turnikda tortilish (erkaklar uchun), gimnastika o‘rindig‘iga tayanib, qo‘llarni bukish va yoyish (ayollar uchun), yotgan holda qo‘llarni bosh orqasiga qo‘yib gavdani ko‘tarish) kabilardan iborat bo‘ladi.
Har bir topshiriqning belgilangan vaqtda, to‘liq, to‘g‘ri va sifatli bajarilganligi mazkur baholash mezonlarining ilovasiga muvofiq Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, boshlang‘ich professional, o‘rta professional, o‘rta maxsus professional va maktabdan tashqari davlat ta’lim muassasalarining jismoniy tarbiya fani o‘qituvchilari uchun amaliy sinovlar normativlari asosida baholanadi – amaliy sinov 60 ballgacha (har bir mashq uchun 15 ball) baholanadi.
