Chet el valyutasida obligasiya chiqarishga ruxsat berildi
Adliya vazirligi Kapital bozori sohasidagi «Tartibga solish qumdoni» maxsus huquqiy rejimi doirasida chet el valyutasida ifodalangan obligasiyalarni chiqarish va joylashtirish to‘g‘risidagi idoraviy hujjatni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.
Hujjatga ko‘ra, chet el valyutasida ifodalangan obligasiyalar – nominal qiymati va daromadi chet el valyutasida ifodalangan obligasiya egasining obligasiyaning nominal qiymatini va emissiya risolasida nazarda tutilgan daromadni olish huquqini tasdiqlovchi emissiyaviy qimmatli qog‘oz hisoblanadi.
O‘zbekiston rezidenti va «Tartibga solish qumdoni» maxsus huquqiy rejimi ishtirokchisi bo‘lgan hamda yillik moliyaviy hisobot bo‘yicha mustaqil auditorlik tashkilotining ijobiy xulosasiga ega bo‘lgan yuridik shaxslar chet el valyutasidagi obligasiyalarni chiqarishi mumkin.
Bunda, 1 ta emitent tomonidan valyuta obligasiyalari chiqarilishlarining umumiy summasi 50 mln AQSh dollari ekvivalentidan oshmasligi zarur.
Valyuta obligasiyalari ta’minlangan yoki ta’minlanmagan holda chiqarilishi mumkin.
Valyuta obligasiyalarini ta’minotsiz chiqarishga ularni chiqarish to‘g‘risida qaror qabul qilingan sanadagi emitentning o‘z kapitali miqdori doirasida yo‘l qo‘yiladi. Emitentning o‘z kapitali miqdoridan oshib ketgan taqdirda, emitent valyuta obligasiyalarini ta’minotsiz chiqarish uchun oshib ketgan summa miqdoriga ta’minot taqdim etishi shart.
Valyuta obligasiyalarini chiqarish, joylashtirish va ularning muomalasi, shuningdek valyuta obligasiyalarining daromadlarini to‘lash va so‘ndirish ustidan nazorat Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tomonidan amalga oshiriladi.
