Jannatdagi hurlar va Odam ayollari
Jannatda Odam alayhissalom qizlarining bir xil yoshda bo‘lishi, ammo hurlar turlicha ekani, jannat ahlining nafslari qanday xohlasa, shunday kichik yoki katta bo‘lishlari haqida xabarlar bor.
Ali roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: Albatta, jannatda hurlar yig‘ilib, ovozlarini baland ko‘tarib aytadilar unga o‘xshash ovozni xaloyiq eshitmagan: Biz abadiymiz, halok bo‘lmaymiz, huzur-halovatdamiz, mahrum bo‘lmaymiz, rozi bo‘luvchimiz, g‘azablanmaymiz. U bizniki va biz uniki bo‘lgan kimsa naqadar yaxshi! deydilar .
Oisha roziyallohu anho aytadilar: Qachon hurlar mana shu so‘zlarni aytsalar, dunyo ahlidan bo‘lgan mo‘mina ayollar ularga: Biz namoz o‘qiganmiz, sizlar o‘qimagansizlar, biz ro‘za tutganmiz, sizlar tutmagansizlar, biz tahorat olganmiz, sizlar olmagansizlar, biz sadaqa qilganmiz, sizlar qilmagansizlar , deb javob qaytaradilar. Va dunyo ayollari ulardan g‘olib keladi . Alloh bilguvchiroq.
Muhammad ibn Ka’b Quraziy aytadi: Allohga qasamki, agar hurlardan biri Arshdan o‘z bilakuzugini ko‘rsatsa, bilakuzugining nuri quyosh va oyning nurini, albatta, o‘chiradi. Shunday ekan, uni taqqan hurning o‘zi qanday bo‘ldi?! Alloh taolo hurga qanday kiyim va ziynatlar yaratsa, uning egasiga ham shundayini yaratadi .
Abu Hurayra roziyallohu anhu aytdilar: Jannatda iyno degan bir hur bor. Yursa, atrofida, o‘ng va so‘l tarafida yetmish ming xizmatchi bo‘ladi. U: Yaxshilikka buyurib, yomonlikdan qaytarganlar qayerda? deb aylanib yuradi .
Ibn Abbos roziyallohu anhu aytdilar: Jannatda la’ba deb ataluvchi hur bor. Agar u dengizga tuflasa, suvi shirin bo‘lib ketadi. Uning dudog‘iga: Kim meni xohlasa, Parvardigorimga itoat qilsin , deb yozib qo‘yilgan .
Nabiy sollallohu alayhi vasallam Isro kechasidagi hurlarning vasfini shunday keltirganlar: Ularning boshida yuzta soch o‘rimi, har bir soch o‘rimining orasida oltmish mingta kokil bor, har kokil to‘lin oydan ham nurliroq, boshlariga dur va sof gavhardan toj kiydirilgan. Uning peshonasiga duru gavhar bilan birinchi satrda: Bismillahir rohmanir rohim deb, ikkinchi satrda: Kim meni xohlasa, Robbimning toatida bo‘lsin , deb yozilgan. Jabroil alayhissalom menga: Ey Muhammad, bu va bunga o‘xshaganlar sening ummating uchun. Xursand bo‘l, ey Muhammad, va ummatingga xushxabar ber hamda ularni g‘ayrat qilishga buyur , dedi .
Abulqosim Xataliy aytadi: Ato Salmiy Moliq ibn Dinorga: Bizni shavkatlantiring , dedi. Molik: Ey Ato, albatta, jannatda bir hur bor, uning go‘zalligi bilan jannat ahli bir-birlariga faxrlanadilar. Agar Alloh taolo jannat ahliga o‘lmaslikni yozmaganida (ya’ni, jannatda o‘lim bo‘lganida) uning go‘zalligidan hamma o‘lib qolar edi , dedi.
Muhammad ibn Solih deydi: Ato Molikning bu so‘zidan keyin (o‘sha hurning ishqida) qirq yil mahzun holda yurdi .
Ibn Muborak aytadi: Ibn Mas’ud roziyallohu anhu aytdilar: Hurlarning ikki boldir suyagining iligi, go‘shti, suyagi va yetmishta bezagi ortidan, xuddi qizil may oq shishaning ichida ko‘rinib turgandek ko‘rinib turadi .
Habbon ibn Abu Jabala aytadi: Dunyo ayollaridan jannatga kirganlari dunyoda qilgan amallari sababli hurlardan afzal bo‘ladi .
Yana bir rivoyatda: Odam ayollari hurlardan yetmish ming barobar afzalroqdir , deyilgan.
Manba: islom.uz