Jannat haqida 7, do‘zax haqida 7 xabar

Jannat haqida 7, do‘zax haqida 7 xabar

Jannatning bir necha darajalari bor. Hadisi sharifda aytilishicha, Jannatning eng baland darajasi “Al-Vasl” deb ataladi va u faqat payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga ato etiladi. Qur’oni karim va hadisi sharifda Jannat ko‘p bora ta’riflangan. Ularga tayanib ulamolarimiz quyidagilarni bayon qilganlar:

  1. Jannatning enini osmonu yer kengligi bilan qiyoslash mumkin.
  2. Jannatda jazirama issiq va qahraton sovuq bo‘lmaydi.
  3. Unda zilol suvlar, hech qachon achimaydigan sut oquvchi daryolar, inson qancha ichsa ham mast bo‘lmaydigan maylar va muattar hidli asallar mavjlanib oqadigan anhorlar bo‘ladi.
  4. Jannat bog‘larida mevali daraxtlar benihoya ko‘p.
  5. Jannat ahllarining kiyimlari harir yashil ipak va atlas matolardan bo‘ladi.
  6. Jannat ahllari uchun ko‘rkam bog‘lar, ayollar va xizmatkorlar hozirlab qo‘yilgan.
  7. Jannat ahllarining qalbi turli salbiy xislatlar – nafrat, yovuzlik va hasad kabi yomonliklardan pok bo‘ladi.

Shuni e’tiborga olish kerakki, yuqorida tilga olingan manfaatlar  dunyo manfaatlariga o‘xshamaydi. Hadisi qudsiyda aytiladiki, “Men bandalarimga shunday ajoyib narsalar yaratdimki, u narsalarni ularning ko‘zlari ko‘rmagan, quloqlari eshitmagan va ularning nima ekanini hatto tasavvur ham qila olmaydilar...” Ulamolarning aytishicha, jannat ne’matlarining yerdagi ne’matlarga nomlanishi o‘xshaydi, xolos. Aslida esa ular butunlay boshqa ne’matlardir. Jannatdagi eng buyuk ajr – Alloh taoloning jamolini ko‘rishdir.

Yana olimlarimiz aytadilarki, imon ahllari jannatga faqat Alloh taoloning fazlu marhamati ila kiradilar.

Do‘zax – imonsizlar va gunohkorlar tushadigan joy. Inson Jannatning go‘zalliklarini tasavvuriga sig‘dira olmagani kabi do‘zaxning vahshatlarini ham ko‘z oldiga keltira olmaydi. Qur’oni karimning oyati karimalari va Payg‘ambarimizning hadisi shariflariga tayangan holda do‘zax haqida quyidagi tasavvurlarni hosil qilish mumkin:

  1. Do‘zax azoblari olov bilan cheklanib qolmaydi, u yerda sovuq va zulmat bilan azoblash bo‘ladi.
  2. Do‘zax otashi dunyo oloviga o‘xshamaydi. Do‘zax olovi odamni kulga aylantirib yubormaydi, o‘ldirmaydi, faqat azob beradi.
  3. Do‘zaxdan o‘lib ham qutulib bo‘lmaydi. Chunki Do‘zax ahllari o‘lmasdir.
  4. Do‘zax o‘z ahlini qattiq qichqiriq bilan uchqunlar otib, olovlar purkab kutib oladi.
  5. Do‘zaxda kofirlarni va gunohkorlarni jazolash uchun yana biz bilmagan turli qiynoqlar bor.
  6. Do‘zax ahllari Alloh taoloni ko‘rmaydilar.
  7. Do‘zaxdagi yeguliklar ochlikni va chanqoqni ketkazmaydi, aksincha, azob-uqubatlar keltiradi.

Manba: muslim.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!