IHT sammiti: Turizm bo‘yicha maslahat qo‘mitasi tashkil etiladi

Ayni kunlarda dunyo hamjamiyati va xalqaro ekspertlar nigohi Toshkent shahrida «Hamkorlikda iqtisodiy barqarorlik va taraqqiyot sari» shiori ostida o‘tkazilgan Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining 16-sammiti va uning doirasida bir qator mintaqa davlatlari iqtisodiy baraqrorligiga xizmat qiluvchi kelishuv va natijalarda bo‘lib turibdi.
Shu o‘rinda aytib o‘tish joizki, so‘nggi yillarda O‘zbekiston ko‘plab nufuzli, istiqbolli tuzilmalar, jumladan, SHHT, TDT, IHT, MDH davlat rahbarlari yig‘ilishlari hamda BMT doirasidagi tashkilotlar sammitlariga mezbonlik qiladigan qulay hududga aylanganligi xalqaro maydonda ham e’tirof etilmoqda.
Ayni kunda IHT ga a’zo mamlakatlar hududida yarim milliard aholi istiqomad qilib kelishiga qaramasdan, o‘tgan yili mamlakatlar o‘rtasidagi savdo ko‘rsatkichi 85 milliard dollarni tashkil etgan. Bu ularning umumiy tashqi savdosining atigi 8 foizini tashkil qiladi. Shu bois, Toshkent sammitida ishtirokchilar tomonidan IHT doirasida ko‘p qirrali hamkorlik istiqbollari va uni yangi bosqichga olib chiqish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Xususan, davlatimiz rahbari tomonidan IHT doirasidagi hamkorlikka yangi sur’at bag‘ishlash maqsadida «Iqtisodiy hamkorlikning strategik maqsadlari – 2035» konseptual hujjatini ishlab chiqish taklif etildi. Ushbu hujjat doirasida o‘zaro savdoni rag‘batlantirish, transport-kommunikasiyaviy o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish, sanoat kooperasiyasini faollashtirish, energetika xavfsizligini ta’minlash, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish, turizm va madaniy-gumanitar almashinuv sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish kabi asosiy yo‘nalishlarga e’tibor qaratish lozimgi ta’kidlandi.
Albatta, bugun tashkilotga a’zo mamlakatlarning geografik joylashuvi hamda keng resurs va imkoniyatlarga ega ekanligi hisobga olinsa, yana ko‘plab iqtisodiy natijalarga erishish mumkin. Xususan, transqit’aviy transport yo‘laklari salohiyatidan to‘liq foydalanish, jumladan, «Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston» temir yo‘li va Transafg‘on multimodal yo‘li loyihalarini ishga tushirish, Toshkentda 2 noyabrda bo‘lib o‘tgan transport vazirlarining yig‘ilishida «O‘zbekiston – Turkmaniston – Eron – Turkiya» transport yo‘lagini rivojlantirish bo‘yicha qabul qilingan hujjatga boshqa a’zolarning ham qo‘shilishi o‘zining ijobiy natijasini beradi.
Shuningdek, Prezidentimiz IHT Kotibiyati huzurida a’zo mamlakatlarning turizm ma’muriyatlari va yetakchi ekspertlardan iborat Turizm bo‘yicha maslahat qo‘mitasini tashkil etish hamda uning ilk uchrashuvini Tashkilotning turizm poytaxti deb e’lon qilingan Shahrisabz shahrida o‘tkazish taklifini bildirdi.
Davlatimiz rahbari IHT mamlakatlari xalqlarini yanada yaqinlashtirishda madaniy-gumanitar hamkorlikni chuqurlashtirishning ahamiyatini qayd etib, har yili madaniyat, san’at va kino haftaliklarini o‘tkazib borish, yoshlarning ijodiy festivallari va innovasion hamkorlik platformasini yo‘lga qo‘yish, fundamental ilmiy yo‘nalishlarda o‘zaro hamkorlikni kuchaytirishni taklif qildi.
Umuman olganda, bugun dunyoda ro‘y berayotgan o‘zgarishlar jarayonida hech bir davlat yakka holatda o‘z taraqqiyotini ta’minlashi mumkin emasligi aniq bo‘lgan bir davrda, IHT kabi tuzilmalar doirasida hamkorlik aloqalarining rivojlantirilishi kelgusida o‘zining ijobiy natijasini berishi shubhasizdir.