Haydovchilik huquqidan mahrum etilganlarni profilaktik hisobga olish masalasiga deputatlar qarshilik qildi

“Huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonun loyihasi bilan shaxsni profilaktik hisobga olish asoslari va tartibi zamon talablaridan kelib chiqqan holda takomillashtirilmoqda.
Xususan, aybsizlik prezumpsiyasi talablaridan kelib chiqib, o‘ziga nisbatan yuritilayotgan jinoyat ishi ayblilik masalasi hal qilinmasdan turib tugatilgan, reabilitasiya qilinmaydigan asoslar bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atish rad etilgan shaxslar, shuningdek, qamoqqa olish bilan bog‘liq bo‘lmagan ehtiyot chorasi tanlangan ayblanuvchilar profilaktik hisobga qo‘yiladigan shaxslar qatoridan chiqarilmoqda.
Bundan tashqari, sud tomonidan muayyan muddatga transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum etilgan shaxslarni profilaktik hisobga olish nazarda tutilyapti.
Qonunchilik palatasining majlisida ushbu norma ko‘pchilik deputatlarning jiddiy e’tiroz va qarshiligiga sabab bo‘ldi. Xalq vakillarining ta’kidlashicha, transport boshqarish huquqidan mahrum etilganining o‘zi yetarli, uni yana profilaktik hisobga olib, mahalla noziri tomonidan nazorat qilinishi fuqaroning shaxsiy erkinligiga daxl qiladi. Bu norma bir huquqbuzarlik uchun ikki marta jazo berishga asos bo‘ladi. Shuning uchun ham Konstitusiya va inson huquqlari nuqtai nazardan qaralganda, bu normani loyihadan chiqarib tashlash maqsadga muvofiqligi aytildi.
E’tirozlarga javoban Ichki ishlar vazirligi vakillari bu boradagi statistik ma’lumotlarni qayd etdi. Unga ko‘ra, 2024 yilda 1 ming 22 ta haydovchilik huquqidan mahrum etilgan shaxslar tomonidan yo‘l transport hodisalari sodir etilgan. Buning oqibatida 296 ta fuqaro vafot etgan, 875 kishi jarohat olgan. Joriy yil 3 oy davomida esa 153 ta ana shunday shaxslar tomonidan yo‘l-transport hodisasi sodir etilgan va 44 tasi o‘lim bilan yakunlangan.
“Ma’lumki, haydovchilik huquqidan mahrum etilgan shaxslar tomonidan yana transport boshqarilishi jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi. Agar ular profilaktik hisobga olinsa, ham jinoiy javobgarlikka tortilishining oldi olinadi, ham yo‘l transport hodisalari bartaraf etiladi”, dedi vazirlik mas’uli.
Qizg‘in bahs va muhokamalarda ko‘pchilik deputatlarnng e’tirozlari hamda takliflari inobatga olinib, loyihadagi ushbu normani qayta tahrirlash uchun mas’ul qo‘mitaga qaytarildi.