HAMAS G‘azodagi ma’muriyatini tarqatib yuborishga tayyor
G‘azodagi HAMAS harakati mintaqa boshqaruvi yangi tashkil etiladigan Falastin texnokratik qo‘mitasi ixtiyoriga o‘tgach, o‘zining amaldagi ma’muriyatini tarqatib yuborishini e’lon qildi. Bu haqda Euronews xabar berdi.
Mazkur qadam AQSh vositachiligida G‘azo sektori uchun ishlab chiqilgan rejaning asosiy talablaridan biri hisoblanadi. Hozircha na HAMAS, na uning raqibi bo‘lgan — xalqaro miqyosda tan olingan Falastin milliy ma’muriyati yangi qo‘mita tarkibiga kiruvchi texnokratlar ismini ochiqlamadi. Rejaga ko‘ra, qo‘mita a’zolari hech qaysi siyosiy guruhga aloqador bo‘lmasligi lozim. Biroq ularning nomzodi Isroil va AQSh tomonidan ma’qullanishi masalasi hali ham noaniqligicha qolmoqda.
2025 yil 10 oktyabrdan kuchga kirgan sulh bitimining boshqa bandlari, jumladan, HAMASni qurolsizlantirish va mintaqaga xalqaro xavfsizlik kuchlarini yuborish jarayonlarini “Tinchlik kengashi” nazorat qiladi. AQSh prezidenti Donald Tramp raislik qiladigan ushbu xalqaro organning boshqa a’zolari hozircha noma’lum, biroq ularning ismlari joriy hafta oxirigacha e’lon qilinishi kutilmoqda.
Trampning ta’kidlashicha, mazkur kengash texnokratiya qo‘mitasi faoliyatini kuzatib boradi, Isroil qo‘shinlarini olib chiqish va G‘azoni qayta tiklash ishlariga mas’ul bo‘ladi.
HAMAS rasmiy vakili Hazem Kassem Telegram kanali orqali texnokratiya qo‘mitasini tuzish jarayonini tezlashtirishga chaqirdi. Shu bilan birga, HAMAS delegasiyasi Misr, Qatar va Turkiya vakillari bilan sulhning ikkinchi bosqichiga o‘tish masalasini muhokama qilish uchun yo‘lga chiqmoqda.
Misrlik mulozimning anonim tarzda ma’lum qilishicha, Xalil al-Xayya boshchiligidagi HAMAS delegasiyasi shu haftada boshqa Falastin guruhlari bilan ham uchrashib, qo‘mita tarkibini uzil-kesil shakllantirishni rejalashtirgan.
