Hakamlarimiz Superliga 6-turida 8 ta bahsli vaziyatdan bittasida noto‘g‘ri qaror chiqargan

Hakamlarimiz Superliga 6-turida 8 ta bahsli vaziyatdan bittasida noto‘g‘ri qaror chiqargan

Joriy yilning 7 may sanasida Superliga 2024 yilgi mavsumning 6-turi yakuniga yetdi. O‘zbekiston futbol hakamlari markazi tur yakunlariga ko‘ra, Ekspert-hakamlar komissiyasining navbatdagi yig‘ilishini o‘tkazdi va tur doirasida kuzatilgan bahsli vaziyatlar tahlil qilindi. 6-tur doirasida o‘tkazilgan o‘yinlarda jami 8 ta bahsli vaziyat yuzaga keldi: Quyida ularning batafsil izohi va chiqarilgan yakuniy qarorlar bilan tanishishingiz mumkin.

1-vaziyat: “Bunyodkor” – “Surxon” bahsi, ehtimoliy penalti.

Superliga 6-turidan o‘rin olgan “Bunyodkor” – “Surxon” uchrashuvining 78-daqiqasida mezbonlarning 92-raqamli futbolchisi T. Yovichning uzatmasidan so‘ng mehmonlar jarima maydonchasi ichida to‘p “Surxon” himoyachisining qo‘liga tekkandek ko‘ringan. Bosh hakam G‘ayrat Jo‘rayev himoyalanayotgan jamoa foydasiga fol qayd etib, jarima zarbasi belgilagan. VAR hakamlari ham vaziyatni tekshirib, uning qarorini tasdiqlagan.
Ekspert-hakamlar komissiyasi qarori: Ushbu vaziyatda hujum qilayotgan jamoa vakillari tomonidan jarima maydonchasi ichida qo‘pol harakat sodir etilgan. Shundan so‘ng, to‘p “Surxon” futbolchisining qo‘liga tekkan. Bosh hakam ushbu vaziyatning dastlabki holatidagi qo‘pollik sababli mehmon jamoa foydasiga to‘g‘ri fol belgilagan. Bosh hakamning qarori to‘g‘ri, deb topildi.

https://youtu.be/kv54-SRifN8?list=PL4tHyf5I--njJpSK1Lo3Lv9o7ZzSQVDdZ

2-vaziyat: “Navbahor” – “Lokomotiv” uchrashuvi, norozilik uchun sariq kartochka.

Tur doirasidagi “Navbahor” – “Lokomotiv” bahsining 54-daqiqasida mezbonlarning 77-raqamli futbolchisi A. Ismoilov o‘yindan tashqari holat qayd etgan. Erkin zarbani amalga oshirishi kerak bo‘lgan “Lokomotiv”ning 14-raqamli a’zosi D. Komilov bosh hakam Aziz Asimovning qaroriga bo‘ysunmagani uchun ogohlantirilgan.
Ekspert-hakamlar komissiyasi qarori: Bosh hakam erkin zarbani o‘z joyida boshlash kerakligini talab qilib to‘g‘ri qildi, biroq futbolchi 2 marta hakamga qarshi chiqdi. Bunday vaziyatda ogohlantirish qoidalarga muvofiq yechim. Bosh hakamning qarori to‘g‘ri, deb topildi.

https://youtu.be/mZNp_NkPGjk?list=PL4tHyf5I--njJpSK1Lo3Lv9o7ZzSQVDdZ

3-vaziyat: “Navbahor” – “Lokomotiv” uchrashuvi, ikkinchi sariq kartochka.

Bahsining 75-daqiqasida “Navbahor” hujumi chog‘ida “Lokomotiv”ning 14-raqamli a’zosi D. Komilov raqib jamoaning 22-raqamli futbolchisi T. Tabatadzeni oyog‘idan chalgan. Bosh hakam Aziz Asimov darhol hushtak chalib, futbolchiga qo‘pollik uchun o‘yindagi 2-sariq kartochkasini ko‘rsatgan va uni maydondan chetlatgan.
Ekspert-hakamlar komissiyasi qarori: Ushbu vaziyatda himoyachi to‘pga o‘ynamagan. U oyoq bilan faqat raqib harakatini qo‘pollik bilan to‘xtatishni maqsad qilgan. Bosh hakam folni to‘g‘ri qayd etib, uni 2-bor ogohlantirgan. Hakamning qarori to‘g‘ri, deb topildi.

https://youtu.be/EIBPKCGPFL4?list=PL4tHyf5I--njJpSK1Lo3Lv9o7ZzSQVDdZ

4-vaziyat: "Qizilqum" – "Neftchi" o‘yini: mezbonlarning goli.

"Qizilqum" – "Neftchi" bahsining 34-daqiqasida mehmonlar burchak zarbasi tepish huquqini qo‘lga kiritdi. Nominal mezbonlar jarima maydonida esa to‘p himoyalanayotgan futbolchining qo‘liga tekkan. Bosh hakam Ilgiz Tantashev bu holatni penalti uchun yetarli emas, deya qayd etdi va o‘yinni davom ettirgan.
Ekspert-hakamlar komissiyasi qarori: Ushbu vaziyatda qo‘l to‘pga emas, to‘p qo‘lga kelib tegdi. Qolaversa, to‘pning yo‘nalishi ham keskin o‘zgargani yo‘q. Bu kabi hollarda penalti berilmasligi lozim va Ekspert-hakamlar komissiyasi yakdil fikr asosida hakamning qarori to‘g‘ri bo‘lganini ma’lum qiladi.

https://youtu.be/V5ia9bBshRM?list=PL4tHyf5I--njJpSK1Lo3Lv9o7ZzSQVDdZ

5-vaziyat: OKMK – "Nasaf" o‘yini: ehtimoliy penalti.

Uchrashuvning 42-daqiqasida mehmonlarning 77-raqamli futbolchisi O. Bozorov katta tezlikda raqib jarima maydoniga kirib bordi. Uni to‘xtatishga uringan mezbonlarning 15-raqamli a’zosi A. Xolmurodovning harakatidan so‘ng qarshiliklar vakili maydonga yiqildi. Bosh hakam Shavkat Nasibullayev VAR orqali vaziyatni ko‘rib chiqqach, vaziyat penaltiga tortmasligini ma’lum qildi.

Ekspert-hakamlar komissiyasi qarori: Ushbu vaziyatda OKMK futbolchisi to‘pga emas, raqibiga birinchi tekkanini ko‘rish mumkin. To‘p himoyachidan uzoqlashib ketgan va u oyoq tashlashda kech harakat qilgan. Bu holatda penalti belgilanishi kerak: hakamning qarori noto‘g‘ri, deb topildi.

https://youtu.be/3JIaQzez8Mg?list=PL4tHyf5I--njJpSK1Lo3Lv9o7ZzSQVDdZ

6-vaziyat: OKMK – "Nasaf" o‘yini: mezbonlar foydasiga ehtimoliy penalti.

OKMK - Nasaf bahsining 55-daqiqasida maydon egalari jarima zarbasini ijro etdi. Raqib jarima mydoniga uzatib berilgan to‘p OKMKning 2-raqamli a’zosi Akrom Komilovga kelib tushdi. U to‘pni o‘ziga to‘g‘rilab olayotgan bir vaqtda mehmonlarning 2-raqamli futbolchisi Alibek Davronov bilan to‘qnashdi. Bosh hakam Shavkat Nasibullayev bu vaziyatda ham VARga murojaat etdi va penalti yo‘q, degan qarorga kelindi.
Ekspert-hakamlar komissiyasi qarori: Ushbu vaziyatda OKMK futbolchisi darvozaga teskari holatda turgandi. Qolaversa, u penalti ishlash uchun harakat qildi. Bunday hollarda 11 metrlik jarima zarbasiga murojaat etilmaydi. Ekspert-hakamlar komissiyasi bir ovozdan hakamning qarori to‘g‘ri ekanini tasdiqlaydi.

https://youtu.be/AQTfB_eZIkA?list=PL4tHyf5I--njJpSK1Lo3Lv9o7ZzSQVDdZ

7-vaziyat: "Paxtakor" – "Metallurg" bahsi: yana bir ehtimoliy penalti.

"Paxtakor" va "Metallurg" jamoalari ishtirokidagi o‘yinning 60-daqiqasida maydon egalari jarima maydonida bahsli holat sodir bo‘ldi. Qisqa uzatmalardan so‘ng "sherlar" mudofaasini yorib o‘tgan 14-raqamli Abror Toshqo‘ziyev mezbonlar darvozasi oldida yiqilib tushdi va zarba berish imkoniyatini qo‘ldan chiqardi. Bosh hakam Abdurashid Xudoyberganov bu holatda VARga murojaat etib, nuqtaga ishora qildi.
Ekspert-hakamlar komissiyasi qarori: Ushbu vaziyatda mehmonlarning katta tezlikda ketayotgan futbolchis A. Toshqo‘ziyev kichik kontakt orqali to‘xtatib qolingan. Bunday holatda penalti belgilanishi kerak: hakamning qarori to‘g‘ri, deya baholandi.

https://youtu.be/6ir9KmDE5Qg?list=PL4tHyf5I--njJpSK1Lo3Lv9o7ZzSQVDdZ

8-vaziyat: "Paxtakor" – "Metallurg" bellashuvi: mezbonlarning goli.

Uchrashuvning 73-daqiqasi o‘tib borayotgan bir vaqtda maydon egalari gol urishga muvaffaq bo‘ldi. Biroq golgacha bo‘lgan holat qayta ko‘rib chiqilgach, ehtimoliy jarima zarbasi bor ekani qayd etildi. Mehmonlarning 14-raqamli futbolchisi A. Toshqo‘ziyevga qarshi o‘yin qoidasi buzildi, deb topildi va bosh hakam Abdurashid Xudoyberganov golni bekor qildi.
Ekspert-hakamlar komissiyasi qarori: Ushbu vaziyatda mehmonlar futbolchisi qoidalarga zid ravishda to‘xtatib qolingan va aynan shu vaziyatdan so‘ng maydon egalari qarshi hujumdan gol urib ketgan. Mazkur holda mehmon jamoa foydasiga jarima zarbasi berilib, gol bekor qilinishi kerak: hakamning qarori to‘g‘ri bo‘lgan.

https://youtu.be/t6YFtyaJtiA?list=PL4tHyf5I--njJpSK1Lo3Lv9o7ZzSQVDdZ


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!