GM Uzbekistan avtomobilini besh yil navbatda turib ham sotib ololmaganlar bor

GM Uzbekistan avtomobilini besh yil navbatda turib ham sotib ololmaganlar bor

O‘zbekiston aholisi Rossiyada oxirgi to‘rt oy mobaynida bironta ham sotilmagan GM Uzbekistan avtomobillarini yillar mobaynida navbatda turib ham sotib ola olmayapti. Bu «shubhali» navbatlar qurbonlaridan biri sifatida Samarqand viloyati Urgut tumanida yashovchi fuqaro Gulmira Abdullayevani etirof etish mumkin. Fuqaro Damas avtomobili uchun besh yildan buyon, aniqrog‘i, 2013 yilning 16 iyun kunidan navbatda turib ham avtomobil sotib ololgan emas.

MCHJ «Samarqand avtotexxizmat» rahbari fuqaroning bunday uzoq muddat davomida navbatda turib ham avtomobil sotib ololmayotganligini: «avtomobil xaridi shartnomasini rasmiylashtirishga chaqirilmaganligingiz» - deb rasman ma’lum qilgan.

Bundan kelib chiqadiki, Samarqandda 2013 yil 16 iyundan boshlab besh yildan beri hech kim navbatda turib Damas avtomobilini sotib ololmagan. Oddiy savol tug‘iladi: Ko‘chada yurgan Damas avtomobillari qayerdan paydo bo‘lgan?

Fuqaro Abdullayevaning turmush o‘rtog‘i Shermat Saidovning bildirishicha, u 2011 yildan beri xorijda mehnat muhojiri sifatida ishlab kelmoqda. «O‘zbekistonga qaytib borib, tadbirkorlik qilmoqchiman, shuning uchun Damas avtomobiliga ehtiyojim bor, besh yildan buyon navbatda turib ham avtomobil sotib ola olmayapmiz. Navbatga yozdirgan paytimizda Damas avtomobili narxi 22,0 mln so‘m edi, hozirga kelib esa 62,8 mln bo‘ldi, lekin shu narxga ham sotib olishga rozimiz. Men matbuot orqali prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevdan yordam so‘rayman, men kabi oddiy fuqarolarga yordam bersinlar. O‘zbekistonning o‘z avtomobil zavodi bo‘la turib ham avtomobil sotib ola olmayapmiz» - deb fikr bildirdi Saidov.

O‘zbekistonda ishlab chiqariladigan Damas avtomobilining narxi, oxirgi besh yilda uch baravarga oshib, 62,8 mln so‘mga yetgan bo‘lsa-da, hali hamon avtomobil ochiq savdoda mavjud emas. GM Uzbekistan Damas avtomobiliga bo‘lgan talabni to‘la qondirish qachon amalga oshishi bo‘yicha malumot bermasdan kelmoqda. 

Oddiy fuqarolarning O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan Damas kabi  avtomobillar sotib olish orzusi esa, haligacha armon bo‘lib qolmoqda.

Fuqarolarning besh yildan buyon navbatda turib ham avtomobil sotib ola olmayotganligi yuzanidan «GM Uzbekistan» AJdan munosabat kutib qolamiz.

Manba: sof.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!