Gektariga 200 tonnagacha hosil beradigan pomidor navi yaratildi
Bugungi kunda oziq-ovqat xavfsizligi, aholini yetarli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash masalalariga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Zero, suv tanqisligi, turli ekologik muammolar oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashni taqozo etayotir.
Shu bois yurtimiz olimlari, qishloq xo‘jaligi sohasi mutasaddilari hosildor, chidamli hamda eksportbop qishloq xo‘jaligi mahsulotlari navlarini yaratish va ko‘paytirish ustida muntazam ish olib bormoqda.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi axborot xizmatining O‘zAga taqdim etgan ma’lumotlariga ko‘ra, vazirlik huzuridagi Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot institutining Samarqand ilmiy-tajriba stansiyasi olimlari tomonidan pomidorning mahalliy “Mustaqillik- 28” yangi navi yaratildi.
Yangi navning afzalligi shundaki, u boshqa navlarga nisbatan chidamli, eksportbop hamda hosildor hisoblanadi. Qolaversa, jahonda pomidorning sanoatbop navlarini yaratishda olimlar tomonidan olib borilgan izlanishlarda tarkibining shirinligi darajasi bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich 8 foizni tashkil etayotgan bo‘lsa, mazkur yangi navning shirinlilik darajasi 7 foizni tashkil etmoqda. Bu ko‘rsatkich yurtimizda yetishtirilayotgan eng shirin pomidorlar ichida rekord ko‘rchatkich, deya baholanmoqda.
Yangi pomidor navi haqida Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot institutining Samarqand ilmiy-tajriba stansiyasi rahbari Alisher Ismoilov quyidagilarni ta’kidlaydi:
— Yurtimizda qishloq xo‘jaligi sohasini rivojlantirishga, ayniqsa, sohani ilmiy jihatdan o‘rganish, yangi urug‘ va navlarni yaratishni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Institutimizning 80 gektar yer maydonida olimlarimiz yangi navlarni yaratish bo‘yicha izlanishlar olib bormoqda. Bugungi kunda ular tomonidan poliz ekinlari va kartoshkachilik bo‘yicha 30dan ortiq yangi navlar yaratilib, sinovdan o‘tkazilmoqda.
Jumladan, “Mustaqillik-28” navli pomidorimiz yuqori hosildorligi bilan ajralib turadi. Bir gektar maydonda ekilgan oddiy navli pomidordan o‘rtacha 40-50 tonna hosil olinsa, mahalliy “Mustaqillik-28” yangi navidan 150-200 tonnagacha hosil olish mumkin. Bir tup oddiy pomidor 15-20 dona hosil bersa, yangi nav 50 donagacha hosil beradi. Qolaversa, ushbu pomidor hajmi, terisining kerakli miqdorda qalinligi, suvliligi va o‘ta shirinligi bilan ajralib turadi. Shuningdek, ushbu nav bir bor ekilganda to‘liq pishib yetiladi va 90 foiz mahsulot birinchi va qolgan 10 foiz mahsulot ikkinchi terimda yig‘ib olinadi.
Umuman, bugungi kunda institutimiz olimlari jahon tajribasidan kelib chiqqan holda faoliyat olib borishga, iqlim sharoitlariga mos, serhosil yangi navlarni yaratishga astoydil yondashmoqda.
