FIFA prezidenti O‘zbekistonga safaridan g‘oyat xursand
O‘FA taklifiga ko‘ra, FIFA prezidenti Janni Infantino yurtimizga tashrif buyurdi. Jahon futboli bosh tashkiloti delegasiyasini Toshkent xalqaro aeroportida O‘zbekiston Respublikasi Sport vaziri Adham Ikramov, Osiyo Olimpiya kengashi vise-prezidenti, MOQ raisining birinchi o‘rinbosari Otabek Umarov, O‘FA birinchi vise-prezidenti Ravshan Ermatov va rasmiylar kutib olishdi. FIFA rahbari navbatdagi tashrifi davomida jumladan, Yurtboshimiz qabulida bo‘ldi va CAFA Nations Cup 2025 finalini bevosita stadionda kuzatib, yakunda taqdirlash marosimida ham qatnashdi.
FIFA delegasiyasi Yuqori Chirchiq tumanida barpo etilgan Milliy futbol markazini ko‘zdan kechirdi. 2 yil oldin ham Janni Infantino ushbu hududda bo‘lib, markaz qurilishiga ramziy g‘isht qo‘ygan va loyihalar bilan tanishgandi. Bu safargi tashrif davomida mehmonlarga markaz imkoniyatlari haqida ma’lumot berildi. Endilikda bu yerda bir vaqtning o‘zida bir nechta terma jamoa shug‘ullanishi mumkin. Markazda zamonaviy stadionlar, o‘quv binolari, sport zallari va mehmonxona futbolchilar ixtiyorida. Sport tibbiyoti markazida basseyn, mashg‘ulot zali va reabilitasiya bo‘limlari tashkil etilgan. Jarohatlar oldini olish hamda futbolchilar qisqa fursatda tiklanishlari uchun xorijiy uskunalar olib kelingan, ilg‘or uslublar joriy etilgan. FIFA delegasiya Futbol mutaxassislarini tayyorlash va ilmiy-tadqiqot markazi, VAR, terma jamoalar tayyorgarlik bo‘limi va Respublika futbol akademiyasi faoliyati bilan ham tanishdi. Janni Infantino shu yerda O‘zbekiston milliy jamoasi a’zolari bilan uchrashib, ularni JCH-2026 yo‘llanmasi bilan tabrikladi: «Avvalo, sizlarni tarixiy natija bilan qutlayman. Bu yutuq mamlakatingizda sport va futbolga berilayotgan e’tibor samarasidir. Futbolingiz uzoq va sharafli yo‘lni bosib o‘tayotgani mevasi ham. Oldingizda sharafli vazifa turibdi — JChda munosib ishtirok etishi. Sizlar millionlab muxlislarga quvonch ulashyapsiz. Ishonamanki, mundialda butun dunyo yana bir bor O‘zbekiston futboli salohiyatiga guvoh bo‘ladi», - dedi Infantino. Umuman, FIFA delegasiyasi markaz infratuzilmasiga yuksak baho berib, bu yerda O‘zbekiston terma jamoalarining xalqaro musobaqalarga puxta tayyorgarlik ko‘rishi mumkinligini ta’kidladi.
Janni Infantino shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi sport vaziri Adham Ikramov, Osiyo Olimpiya kengashi vise-prezidenti, MOQ raisi birinchi o‘rinbosari Otabek Umarov, O‘FA birinchi vise-prezidenti Ravshan Ermatov hamda boshqa rasmiylar hamrohligida Toshkent shahrida barpo etilgan Olimpiya shaharchasida bo‘ldi. 2022 yilning 9 noyabrida qurilishi boshlangan Olimpiya shaharchasi xalqimizning yuksak bunyodkorlik salohiyati va o‘zbek sportining olamshumul yutuqlari ramziga aylanishi, me’moriy jihatdan mukammalligi, energiya tejamkorligi hamda eng ilg‘or innovasion yechimlarni mujassam qilgani bilan alohida ahamiyat kasb etadi. 100 gektardan ortiq maydonda qad rostlagan mazkur majmua bir nechta sport turlari uchun mo‘ljallangan zamonaviy inshootlarni birlashtiradi. Ular ko‘p funksiyali bo‘lib, turli sport turlari bo‘yicha xalqaro miqyosdagi musobaqalarni o‘tkazishga to‘liq tayyor. FIFA prezidenti o‘z navbatida ushbu sport infratuzilmasini yuksak baholab, O‘zbekistonda sport sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar va yaratilayotgan zamonaviy sharoitlarni ochiq e’tirof etdi.
FIFA rahbari Janni Infantino 8 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qabulida bo‘ldi. FIFA prezidenti o‘zaro suhbat avvalida O‘zbekiston yetakchisi va xalqini tarixiy voqea - milliy jamoamiz 2026 yili AQShda bo‘ladigan jahon chempionati final bosqichiga chiqqani bilan yana bir bora samimiy tabrikladi. U ushbu haqli yutuq mamlakatimizda olib borilayotgan samarali islohotlar, sportni rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor va har tomonlama ko‘makning amaliy natijasi ekanligini ta’kidladi. O‘zbekistonning ushbu nufuzli xalqaro tuzilma bilan, eng avvalo, futbolni tashkil etish va boshqarish tizimini takomillashtirish, yosh iste’dodlarni yuzaga chiqarishga ko‘maklashish, murabbiylar, hakamlar, menejerlar, sport shifokorlari va texnik mutaxassislarni xalqaro darajada tayyorlash borasidagi sermahsul hamkorligini yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Futbolni birinchi navbatda, yoshlar o‘rtasida ommalashtirish bo‘yicha qo‘shma dasturlarni amalga oshirishda yaqindan hamkorlik qilinayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi:
FIFAning texnik ko‘magida zamonaviy Milliy futbol markazi, shu jumladan, innovasion yechimlarni joriy etgan holda raqamli futbol bo‘yicha situasion markaz tashkil etildi.
O‘tgan yili mamlakatimizda futzal bo‘yicha jahon chempionati muvaffaqiyatli o‘tkazildi.
O‘zbekistonda FIFAning yirik musobaqalari va tadbirlarini tashkil etishga alohida e’tibor qaratildi.
Toshkent shahrida FIFAning Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun mintaqaviy ofisini ochish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Prezidenti milliy futbolimizni rivojlantirish va xalqaro maydonda ilgari surishga qo‘shgan shaxsiy hissasi uchun FIFA rahbari Janni Infantinoga davlatimizning yuksak mukofoti - «Do‘stlik» ordenini topshirdi. «Prezident Shavkat Mirziyoyevning qo‘lidan O‘zbekistonning nufuzli «Do‘stlik» ordenini olish sharafiga muyassar bo‘ldim, Toshkentda muhim muzokaralar olib bordik, jumladan, ushbu shaharda mintaqaviy vakolatxona ochish imkoniyatini samimiy qabul qildim. 2023 yili Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashgandim. Mana, 2 yilda uning futbolga muhabbati yanada kuchayganini ko‘rdim. Albatta, unga minnatdorlik bildirdim, chunki O‘zbekistonda futbol rivojiga qaratayotgan e’tibori, qo‘llab-quvvatlashi haqli ravishda katta e’tirofga loyiqdir. Erkaklar terma jamoasining JChga ilk bor chiqishi uning sportdagi yetakchiligi va futbolga e’tiborini yaqqol aks ettiradi. Shavkat Mirziyoyevdan vaqt ajratgani, mehmondo‘stligi uchun hamda o‘zbek futbolini rivojlantirish, xalqaro maydonda targ‘ib etishga qo‘shgan hissamni oliy davlat mukofoti bilan e’tirof etgani uchun minnatdorman. Unga va O‘zbekistonga kelasi yilgi futbol mundiali va barcha sport ishlarida muvaffaqiyat tilayman. Sportimizni o‘g‘il-qizlarning o‘z orzulariga erishish vositasiga aylantirish borasidagi sa’y-harakatlaringizda FIFA hamisha siz bilan birga bo‘ladi», - dedi Infantino.
FIFA prezidenti Janni Infantino o‘zining rasmiy sahifasida ham O‘zbekistonga tashrifi, davlatimiz rahbari bilan uchrashuvi va CAFA musobaqasi haqida post qoldirdi: «O‘zbekiston - ajoyib mamlakat. Sizlarni, avvalo, jahon chempionati yo‘llanmasi, qolaversa, Milliy futbol markazi va Olimpiya shaharchasi tashkil etilgani bilan tabriklayman. O‘zbekiston kelajakka katta loyihalar kiritayotgan futbol mamlakatidir».
