Farzandi vafot qilgan kishining mukofoti

Farzandi vafot qilgan kishining mukofoti

Muslim Abu Hassondan rivoyat qiladi: Men Abu Hurayra roziyallohu anhuga ikki o‘g‘lim vafot qilganini aytib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan u ikkovi tufayli nafsimizni shodlantiradigan hadisni so‘ylab berishini so‘radim. U zot: Ularning kichiklari jannatning daomislaridir (daomis suvda yuradigan kichik hayvon), ulardan biri otasini yoki ota-onasini kutib oladi va kiyimidan yoki qo‘lidan, men sening mana bu kiyimingdan ushlaganim kabi ushlaydi, so‘ng Alloh uni va ota-onasini jannatga kirgizadi , dedilar .

Abu Dovud Tayolisiy Shu’ba Muoviya ibn Kurradan, u otasidan rivoyat qiladi: Nabiy sollallohu alayhi vasallam huzurlariga ansorlardan bir kishi o‘g‘li bilan tez-tez kelib turar edi. Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam u kishidan: O‘g‘lingni yaxshi ko‘rasanmi? deb so‘radilar. U: Ha , deb javob berdi. Sen uni yaxshi ko‘rgandek, Alloh seni yaxshi ko‘rsin , dedilar shunda Nabiy sollallohu alayhi vasallam. So‘ng u kishi bir muddat ko‘rinmay qoldi. Uni surishtirgan edilar, o‘g‘ilchasi vafot qilganini aytishdi. (U kelgach) Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: Jannat eshiklaridan biriga yetganingda, u yugurib kelib, eshikni senga ochishiga rozi bo‘lmaysanmi?! dedilar. Atrofdagilar: Ey Rasululloh sollallohu alayhi vasallam, bu faqat unga tegishlimi yoki hammamizgami? , deb so‘rashdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: Hammalaringizga , dedilar .

Uboda ibn Somit roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar:

Nifoslik ayollarning (ya’ni, yangi tuqqan ayolning hali nifosdan poklanmay turib vafot etgan) bolasi qiyomat kuni ularni shodlik bilan jannatga yetaklaydi (Abu Dovud rivoyati).

Bu hadis mo‘minlar bolalari jannatda ekaniga dalolat qiladi. Ilm ahlidan ko‘pchilikning so‘zi ham shu, Alloh taoloning ushbu: O‘zlari iymon keltirib, zurriyotlari ham ularga iymon bilan ergashgan zotlarga (o‘sha) zurriyotlarini qo‘shdik (Vat-tur, 21), oyatining zohiri ham shu ma’noni taqozo qiladi.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar:

Kimning balog‘atga yetmagan uch farzandi vafot qilsa, unga do‘zaxdan to‘siq bo‘lishadi va u jannatga kiritiladi (Buxoriy rivoyati).

Ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: Kim esini tanimagan bolasidan uchtasini berib qo‘ysa, ular ota-onasi uchun do‘zaxdan mustahkam qo‘rg‘on bo‘ladilar . Abu Zar shunda: Ikkita bolasi o‘lgan bo‘lsa-chi? deb so‘radi. U zot: Ikkita bo‘lsa ham , dedilar. So‘ng qorilarning sayyidi Ubay ibn Ka’b: Bitta bo‘lsa-chi? dedi. Bitta bo‘lsa ham. Lekin dastlabki lahzadayoq sabr qilgan bo‘lsa , dedilar (Termiziy, Ibn Moja rivoyati).

Bu hadislarning hammasida musulmonlarning go‘daklari jannatda bo‘lishiga dalil bor. Chunki bolalar rahmat qilinganlari tufayli otalari ham rahmat qilinyapti. Bolalar rahmat qilinmagan bo‘lsa, otalariga shafoatchi qilinishi mumkin bo‘lmagan ishdir.

Manba: islom.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!