Farg‘onada pora evaziga xorijdan kelgan yuklarni bojxonadan o‘tkazib kelgan bojxonachilar sudlandi

Farg‘onada pora evaziga xorijdan kelgan yuklarni bojxonadan o‘tkazib kelgan bojxonachilar sudlandi

Qayd etilishicha, ayblanuvchilar davlat tomonidan import qilishda bojxona to‘lovlaridan beriladigan imtiyozlardan noqonuniy foydalanish, bojxona nazorati bo‘yicha belgilangan tartibni buzish, xizmat lavozimidan foydalangan holda bojxona kuzatuv nazorati shaffofligini ta’minlamaslik, bojxona to‘lovlarini to‘lashdan bo‘yin tovlash kabi qonunbuzilishlarga yo‘l qo‘yishgan. Bu haqda O‘zA xabar bergan.

Sud hujjatlariga ko‘ra, bojxonachilar o‘z manfaatini ko‘zlab va boj to‘lovlaridan qochish maqsadida Polshadan O‘zbekistonga olib kirilayotgan transport vositalarining holati, rusumi va tasnif raqamini soxtalashtirgan.

Bundan tashqari, sudlanuvchilar ma’lum haq – pora evaziga bir necha fuqarolarning ko‘p miqdordagi chet elda ishlab chiqarilgan yuklarini tegishli rasmiylashtiruvlarsiz bojxona nazoratidan o‘tkazib yuborgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona shahar sudida bo‘lib o‘tgan ochiq sud majlisida sudlanuvchilar bu jinoyatlarga aloqador ekanliklarini rad etishgan. Biroq videokuzatuv va fotosuratlar, daliliy ashyolar, xolislarning ko‘rsatmalari, ilova hujjatlari buning aksini ko‘rsatgan.

Sudda bojxonachilarning qonunga zid xatti-harakatlari natijasida davlat va jamiyat manfaatlariga milliardlab so‘m zarar keltirilgani aniqlangan. Sud jinoyatchilarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi. Biroq O‘zA xabarida bojxonachilar necha yilga qamalgani ochiqlanmagan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!