Farg‘ona anorlari AQSh va Yevropa davlatlarida mahalliylashtirilmoqda

Farg‘ona anorlari AQSh va Yevropa davlatlarida mahalliylashtirilmoqda

Farg‘ona viloyatida anorchilikni yanada rivojlantirish, serhosil va iqlim sharoitiga mos yangi navlar yaratish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Dunyoda anorning yuzlab turlari mavjud. Ayrim manbalarda antik davrda hatto urug‘siz anorlar mavjud bo‘lgani haqida ma’lumotlar keltiriladi. Mamlakatimizda anorchilik maktabi ilk bor Quvada tashkil etilib, butun Osiyoda tajriba sifatida o‘rganilgan. Bugungi kunda Quva tumanida 470 ta fermer xo‘jaligi 1 ming 800 gektar maydonda anor yetishtirish bilan shug‘ullanmoqda. 835 gektar maydonda yangi anorzorlar barpo etishga kirishilgan.
“Farg‘ona anorchilik” mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi agrofirmada ham soha rivoji yo‘lida yangi loyiha amalga oshirilmoqda. Anor yetishtirish, saqlash, qayta ishlash va tayyor mahsulotlarni eksport qilish hamda ekoturizm xizmatlari ko‘rsatishga ixtisoslashgan agrofirmaning 300 gektar yerida anorning 10 dan ortiq xaridorgir, eksportbop navlari parvarishlanmoqda. Ikki yil ichida anorzor plantasiyasining 80 foizi hosilga kirdi. Bu yil 200 ming tup anor ko‘chati qalamchalari tayyorlanib, ko‘chatchilik tarmog‘iga asos solindi. 2019 yildan yiliga 10 million dona anor ko‘chati tayyorlash va buyurtmachilarga yetkazib berish ko‘zda tutilmoqda. Hozirgi kunda Janubiy Koreya, Malayziya, Eron, Chili, Ozarbayjon singari o‘nlab mamlakatlarda Farg‘ona anorchiligi tajribasini o‘rganishga qiziqish katta. Vatani Farg‘ona viloyati bo‘lgan qayum, qozoqi kabi anor navlari bugungi kunda AQSh va Yevropa davlatlarida mahalliylashtirilmoqda. 2025 yilgacha anorzor maydonini 2 ming gektarga yetkazish rejalashtirilgan. Anorzorlar to‘liq hosilga kirgach, 10 ming tonna mahsulot yetishtiriladi.
 
– Anor tarkibidagi antioksidant moddalar inson organizmini yoshartirish xususiyatiga ega, – deydi agrofirma rahbari Mastura Sayfuddinova. – Bundan tashqari, anor po‘stlog‘idan, daraxtining guli, bargi va ildizidan turli dori preparatlari va xushbo‘y kosmetik vositalar tayyorlash mumkin. Ayni paytda dunyoda anorning 140 dan ziyod navi mavjud bo‘lib, viloyat hokimligi ko‘magida qishloq xo‘jaligi sohasi olimlarini jalb etgan holda, agrofirmada tashishga yaroqli, eksportbop yangi navlarni parvarishlash, mahalliylashtirish, o‘zaro chatishtirish orqali yangi navlar yaratish ustida ilmiy izlanishlar olib borilmoqda. Ilmiy tajribadan ma’lum bo‘lishicha, Quva anorining sharbatlilik darajasi 50-55 foiz bo‘lib, bu dunyo miqyosidagi eng yaxshi ko‘rsatkichlardan biridir.
 
Prezidentimiz joriy yil 12-13 iyun kunlari Farg‘ona viloyatiga tashrifi chog‘ida mazkur agrofirma faoliyati bilan tanishib, anorchilikni rivojlantirish, yangi navlar yaratish, mutaxassislar tayyorlash borasida tavsiya va takliflar bergan edi. Bu borada viloyatda aniq tadbirlar ishlab chiqildi. Farg‘ona davlat universitetida anorchilik bo‘yicha mutaxassis tayyorlash yo‘lga qo‘yildi.
 
Yurtimizda suv taqchil bo‘lib turgan bir paytda anorni tomchilab sug‘orish yo‘lga qo‘yilgan. 20 gektar maydon tomchilab sug‘orishga to‘liq o‘tkazilgan, bog‘dan daromad olina boshlanganidan keyin esa tomchilab sug‘oriladigan yer maydonlari hajmi yildan-yilga oshib boradi. Anorni yetishtirish bilan birga, uni qayta ishlash ham muhim masaladir. Agrofirma tomonidan anordan sharbat olib, uni qadoqlash, parfyumeriya mahsulotlari ishlab chiqarish borasida loyiha ishlab chiqildi.
 
Anorga nafaqat yurtimizda, balki tashqi bozorda ham talab katta. Farg‘ona zaminida yetishtirilayotgan anor jahon bozorida yanada dovruq qozonadi.
 
Manba: uza. uz

Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!